Muammolar, yechimlar va yangi imkoniyatlar
Buxoro viloyatida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, huquqiy ongini yuksaltirish hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida Qorako‘l tumanidagi harbiy qismda alohida toifadagi, ayniqsa, ishsiz yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda Buxoro viloyati prokurori U.Hamdamov hamda Mudofaa vazirining o‘rinbosari, general-mayor H.Qarshiyev ishtirok etdi. Tadbirda jami 80 nafardan ortiq yoshlar qatnashib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish, taklif va tashabbuslarini eshitish hamda amaliy yordam ko‘rsatish asosiy maqsad etib belgilandi.

Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda yoshlarga davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, ma’naviy tarbiyasini kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham tushunchalar berildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarning murojaatlari, kelgusi rejalari va takliflari tinglandi vato‘rt nafar yoshning murojaati shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Qolgan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ularning ijrosi alohida nazoratga olindi.
Uchrashuvning yana bir muhim jihati shundaki, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash va harbiy xizmatga qiziqishni kuchaytirish maqsadida ular harbiy qism hayoti bilan yaqindan tanishtirildi. Ishtirokchilar harbiylar kundalik faoliyati, qurol-aslaha va zamonaviy texnika vositalari, shuningdek, harbiy qism hududidagi muzey faoliyati bilan ham tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Tadbir yakunida faol va tashabbuskor yoshlarga badiiy kitoblar hamda viloyat prokurorining esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu e’tibor yoshlar uchun yanada katta rag‘bat va ishonch bag‘ishladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.