Muammolar tanqid qilindi, aniq vazifalar belgilab olindi
Sirdaryo viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazidagi mavjud ahvol viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tomonidan tanqidiy ruhda o‘rganildi. Tashrif chog‘ida viloyat rahbari soha mas’ullariga qarata: «Nafas siqishi faqat kasallikdan emas, sharoitdan ham boshlanadi» deya e’tiroz bildirib, markazdagi shart-sharoitlar, bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati hamda davolash jarayonini tashkil etish holatini keskin tanqid qildi.
Qayd etilganidek, markazdagi binolarning eskirgani, ayrim xonalarning ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani, davolanuvchilar va tibbiyot xodimlari uchun munosib muhit yaratilmagani bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi. Bunday sharoit nafaqat bemorlarning ruhiy holatiga, balki davolash samaradorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.
Shuningdek, markaz faoliyatidagi eng muhim masalalardan biri — ftiziatriya va pulmonologiya yo‘nalishlaridagi bemorlarni qabul qilish va joylashtirish tizimi ekani qayd etildi. Ushbu kasalliklarning yuqumlilik xususiyati yuqori bo‘lgani bois bemorlarni alohida joylashtirish, infeksiya tarqalishining oldini olish hamda sanitariya-epidemiologik talablarga qat’iy rioya etilishi zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish yakunida markazni tubdan yangilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Jumladan, muassasa binosi kapital ta’mirlanib, hududi to‘liq obodonlashtiriladi. Bemorlar uchun zamonaviy, ozoda va qulay muhit yaratish, yashil hududlarni kengaytirish hamda sog‘lomlashtirish infratuzilmasini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Eng muhimi, pulmonologiya yo‘nalishi uchun alohida zamonaviy bino barpo etiladi. Bu esa infeksiyalarning o‘zaro tarqalish xavfini kamaytirish, bemorlarga xavfsiz va yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi.
Viloyat rahbari barcha mas’ullarga belgilangan vazifalarni qisqa muddatlarda amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berib, ishlar ijrosi shaxsiy nazoratga olinishini ta’kidladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri