Muammolar girdobida qolmaslik lozim
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani Ekobozor yonidan piyoda ishga qatnayman. O‘sha joydagi chorrahada mashinalar qatnovini kutib ham qolasan. Kuni kecha bir voqeaning guvohi bo‘ldim.
Katta yuk mashinasi qop-qora tun chiqarib o‘tib qoldi. Ko‘rib, hayron qoldim. Mana har kuni ijtimoiy tarmoqlar, telekanallar Toshkent shahri havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda 8 o‘ringa chiqdi deb, bong urmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra 3 va 11 yanvarlarda soat 8:00 holatiga ko‘ra poytaxt havosida PM 2,5 mayda dispers zarrachalar miqdori JSST tavsiya qilgandan 10,2 marta ortib, 51,0 m kg/3 ni tashkil etgan.
Ha, bugungi Toshkent bundan o‘n yil oldingi poytaxtdan butkul farq qiladi. To‘g‘ri, ko‘chalar avtomashinalar bilan tirband. Osmono‘par binolar ham ko‘paydi. O‘ylab qolaman, qani shahrimizning azim chinorlari? Shahrimizning ko‘rki bo‘lgan minglab bebaho daraxtlar qani?
Havodagi turli xil zaharli gazlarni, zaharli moddalarni yutishda daraxtlarga teng keladigan bebaho ne’mat yo‘q. Toshkent shahri osmoniga bir zumgina nazar tashlang. Osmonimizni tuman, changlar qoplab olgan. Xayolimizda havo bugun bulutliga o‘xshadi, deb o‘ylaymiz. Haqiqatda esa, ifloslangan havoni ko‘rib, tashvishlanib ketasiz. Bu holni deyarli kunda kuzatish mumkin bo‘lib qoldi. Osmonimiz sariq chang tusiga kirgan, bu bizni, poytaxtimiz aholisini befarq qoldirmasligi lozim.

Biz allaqachon ifloslangan havodan nafas olib, turli xil kasalliklarga chalinayotgan bo‘lsak, ajabmas. Ta’kidlash joizki, bunday salbiy holatlar birgina Toshkent shahridagina emas, butun respublikamizda Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esayotgan kuchli shamollar ta’sirida havoga ko‘tarilgan qum-tuz aralash chang to‘zonlarga insonlar ko‘nikib bo‘lgan. O‘tgan asrning 1970-1980 yillari ko‘rganlarim hamon ko‘z o‘ngimda.
Bozor momomning salkam 40-50 yoshlarga kirgan gujum, oq tut, jiydazorlari bir hafta ichida tag-tomiri bilan qo‘porib tashlandi. Bu paxta dalalarini kengaytirish uchun qilingan ish edi. Amudaryoni Xorazm tomoni qirg‘oqlarini, sholi yetishtirish maydonlariga aylantirish uchun turong‘il daraxtlarini katta buldozer traktorlari bilan sug‘urib tashladilar.
Orol dengizni yo‘qotdik. Natijasini ko‘rib turibmiz, o‘sha davrdagi olimlarning tashvishlanib Orol dengizi tobora qurib borayotganligi agarda buni oldi olinmasa og‘ir oqibatlarga olib kelishini aytganlarida, tepada o‘tirgan rahbarlar faqat “oq oltin” haqida bosh qotirganlar. Bugun sho‘rodan qolgan o‘sha “meroslar” safiga rejasiz qurilishlar, dov-daraxtlarning ayosiz kesilishi, sifatsiz va son-sanoqsiz beton yo‘laklar, is va turli gazlar, iqlim, xullas, bir olam boshqa faktorlar qo‘shilib ekologik xavf bilan yuzma yuz turibmiz.
Eng asosiysi, bunday vaziyatga tushib qolishimizga siz ham, men ham – hammamiz sababchimiz. Hushyor bo‘laylik, tabiatga yetkazilayotgan har bir aziyat, xoh u katta bo‘lsin, xoh kichik odamzotning o‘ziga ulkan musibat bo‘lib qaytishi muqarrar. Shu yurtning farzandi ekanmiz, uning buguni, ertasi uchun mas’ulligimizni his qilib yashashni o‘rganaylik.
Marhamat Matvafayeva,
biologiya fanlari nomzodi
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi,
O‘zA