Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik majmuasi Kongress markazida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
Yaqinda o‘n to‘rt davlat yetakchilari ishtirokidagi yirik xalqaro forum – Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga mezbonlik qilgan ushbu majmuada ikkinchi nufuzli tadbir – ustozlar bayramining nishonlanishi yurtimizda ta’lim sohasi vakillari qay darajada e’tibor va ehtiromda ekanligining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan fidoyi o‘qituvchi va murabbiylar, bag‘rikeng ustozlar Samarqandda munosib kutib olindi. Ularga mazkur xalqaro markazdagi zamonaviy mehmonxonalarning aziz mehmonlari sifatida alohida izzat-ikrom ko‘rsatildi. Marosim oldidan mehmonlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan majmuada yaratilgan imkoniyat va sharoitlar bilan tanishdi. Xalqimizning ulkan bunyodkorlik salohiyati, madaniyati, bir necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, milliy hunarmandchilik merosini namoyish etgan “Boqiy shahar” majmuasi mehmonlarga manzur bo‘ldi.
– Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi arafasida Prezidentimiz ishtirokida tantanali ochilgan ushbu majmuani televizorda ko‘rib havasim kelgandi, – deydi Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 5-umumta’lim maktabi direktori, O‘zbekiston Qahramoni Anora Mahmudova. – Keyin dunyo ahli e’tibori markazida bo‘lgan SHHT Samarqand sammiti ham bu yerda juda yuksak saviyada o‘tganini ko‘rib, eshitib, havasim hayratga aylandi, qalbimda juda katta faxr, iftixor tuydim. Hurmatli Prezidentimizning biz – o‘qituvchilarga bo‘lgan samimiy munosabatlari, hurmatlari ifodasini qarangki, bizning kasb bayramimiz bugun ushbu qutlug‘ maskanda nishonlanmoqda. “Buyuk ipak yo‘li” markazi Yangi O‘zbekistonimizga munosib zamonaviy majmua bo‘libdi.
Kongress markazida jonajon Vatanimizning turli hududlaridan kelgan eng fidoyi, zahmatkash o‘qituvchi va murabbiylar, soha faxriylari va yoshlar jam bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan mamlakatimiz o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan tabrigini Prezident matbuot kotibi Sh.Asadov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda qayd etilgan “shaxsan men o‘qituvchi deganda – zamon bilan hamqadam bo‘lgan jonkuyar, ziyoli shaxsni, maktab deganda – bilim va ma’rifat yog‘dusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qo‘yiladigan tabarruk maskanni ko‘z oldimga keltiraman”, degan yuksak e’tirof tantanali marosim qatnashchilarini yanada ruhlantirdi.
Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida ta’kidlaganidek, bugun ta’lim-tarbiya tizimini isloh qilmasdan turib, oldimizga qo‘ygan marra va maqsadlarga erishish qiyin. Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida islohotlar izchilligi va taraqqiyotni ta’minlovchi kuch bu – yuksak bilim va tafakkur sohibi bo‘lgan yoshlardir. Ularni maktab, akademik litsey, texnikum, oliy ta’lim dargohlari va boshqa ilm maskanlari, fidoyi ustoz va murabbiylarimiz tarbiyalaydi.
Binobarin, inson tarbiyasida, kamolotida ustozlarning xizmatlari beqiyos. Ularning ko‘z nuri, qalb qo‘ri, mehri tufayli farzandlarimiz ilm egallab, bilim va kasb ko‘nikmalarini o‘zlashtirib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intilmoqda, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda.
Tabrikda ta’kidlanganidek, muallimning obro‘-e’tibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir. Shu bois, keyingi yillarda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.Davlatimiz rahbarining bir qator farmon va qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
[gallery-8974]
Jumladan, 2022-2026 yillarda xalq ta’limi tizimini rivojlantirishning Milliy dasturi qabul qilindi va maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha Milliy kengash tuzildi.
Maktablar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamon talablariga mos sharoit yaratish maqsadida birgina joriy yilda davlat byudjeti hisobidan 51 ta yangi maktab bunyod etildi. 1660 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 119 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Shu bilan birga, 465 ta maktab uchun qo‘shimcha o‘quv binolari, 115 ta sport zali va maydonchalari barpo qilindi. Ta’lim maskanlariga 35 mingdan ziyod qo‘shimcha o‘quv jihozlari to‘plami yetkazilib, 1 ming 900 ga yaqin maktabning infratuzilmasi tubdan yangilandi. 2,5 mingdan ziyod sinfxona 31 mingta zamonaviy kompyuter bilan ta’minlandi.
O‘qituvchilarning bilim va kasbiy mahoratini oshirish, malakali va bilimli pedagoglar safini kengaytirishga qaratilgan e’tibor natijasi o‘laroq, toifaga ega o‘qituvchilar soni bir yilda 220 ming nafardan 303 ming nafarga yetdi. Oliy va birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar esa qariyb 143 ming nafar bo‘ldi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan eng olis hududlardagi maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan fidoyi va jonkuyar o‘qituvchilarning oylik maoshiga qo‘shimcha 100 foiz ustama to‘lash tartibi joriy etildi.
Bu sa’y-harakatlar tufayli bugun maktab, ta’lim masalasi umumxalq harakatiga aylandi. Ta’lim sohasi vakillarining jamiyatdagi o‘rni va maqomi yuksaldi. Ularning fidokorona mehnati tufayli yurtimiz yoshlari xalqaro olimpiada va tanlovlarda, sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishmoqda, jonajon O‘zbekistonimiz nomini, shuhratini dunyoga tarannum etmoqda.
Bunday shijoatli mehnat, fidoyilik esa munosib e’tirof etilib, qadr topmoqda.
Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 28 sentyabr kuni qabul qilingan farmoniga ko‘ra, mamlakatimizda ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, o‘quv-tarbiya jarayoniga milliy va ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, o‘quvchilarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi katta xizmatlari uchun bir guruh o‘qituvchi va murabbiylar davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbirida ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Marosimda mukofotlanganlar, fidoyi o‘qituvchilar ko‘rsatilayotgan hurmat, ehtirom, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etdilar.
– Bugun biz va shogirdlarimiz erishayotgan natijalar, yurtimiz ta’lim sohasidagi yangiliklar, avvalo, Prezidentimizning ta’lim-tarbiya tizimiga bo‘lgan e’tiborlari, yaratib bergan imkoniyatlari samarasi deb bilamiz, – deydi Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 47-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi kimyo fani o‘qituvchisi, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Abduqodir Shamsiddinov. – Ushbu mukofot ham ana shu islohotlar natijasi va marhamatlik barcha o‘qituvchilar mehnatining yuksak e’tirofidir. Bu, albatta, zimmamga ulkan mas’uliyat yuklab, yosh avlodni yana ham bilimli, zamonaviy ilmlarni puxta egallagan yoshlar sifatida tarbiyalashimiz uchun fidoyilik bilan mehnat qilishga undaydi.
Bayram tadbirida yurtimiz san’at ustalari va yosh ijrochilari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva ishtirok etdi.
G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri