O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi “Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Namangan shahrida respublika maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan 2025 yilda har oylik ustamaga da’vogar pedagoglarning dastlabki saralash imtihonlari bo‘lib o‘tdi.
Viloyat markazidagi 15-sonli umumta’lim maktabida 150 o‘rinli joyda malaka toifasiga ega bo‘lish istagini bildirgan 321 nafar talabgor to‘rt navbat asosida sinovlarda ishtirok etdi. Imtihon “test.uzedu.uz” platformasi orqali, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlangan xonalarda o‘tkazilib, jarayonlar onlayn tarzda, kuzatuv kameralari orqali yozib olindi.


Ikki bosqichdan iborat bo‘lgan sinovning dastlabkisida muallimlar dars beradigan boshlang‘ich ta’limdan umumta’lim fanlarigacha bo‘lgan beshta yo‘nalish bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun 40 ta test topshirdi. Ajratilgan 100 daqiqa vaqt davomida 80 foiz yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar keyingi bosqichga yo‘l oladi. Unda kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi va uning natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan 107 nafar pedagog kadrga bazaviy hisoblashning 5,5 barobari miqdorida, ya’ni 6,5 million so‘mdan har oylik ustama to‘lanadi.

– Maorif sohasida 25 yillik ish tajribasiga ega pedagog sifatida aytishim kerak, bugun muallim mehnati qadrlanadigan zamon. Prezidentimiz o‘z ustida ishlagan, yuqori maqsadlar sari intilgan ustozlarni qo‘llamoqda. O‘tgan o‘quv yilida o‘quvchilarimning fan olimpiadalari va ko‘rik-tanlovlardagi yutuqlari hamda oliy ta’lim muassasalariga qamrovning oshgani natijasida vazir ustamasiga ega bo‘lib, yil davomida ming dollarga teng miqdorda ish haqiga ega bo‘ldim. Har bir muallim ta’lim sifatini oshirish, shogirdlariga chuqur bilim berishi uchun muntazam ravishda kasbiy mahorati ustida tinimsiz mehnat qilishi kerak. Shu ma’noda, bu yil ham shogirdlarimning davomli zafarlari tufayli tanlovda qatnashishga tavsiya etildim, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 22-sonli umumta’lim maktabining huquq-tarbiya fani o‘qituvchisi Mukambar Yo‘ldosheva.

Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining pedagoglarning bilim hamda malakalarini baholashni tashkil etish sho‘’basi bosh uslubchisi Nosirjon To‘xtanazarovning ma’lum qilishicha, o‘tgan 2024 yil davomida xuddi shunday imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 68 nafar muallim vazir jamg‘armasiga ega bo‘lib, ularga jami 3 milliard 366 million so‘m ustama pullari to‘lab berilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri