Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini qo‘llash talab darajasida emas.
Kontrafakt mahsulotlarga qarshi samarali kurashish, internet tarmog‘idagi “uz” domenida faoliyat ko‘rsatayotgan veb-saytlar tomonidan mualliflik huquqiga rioya etilishi holatlarini monitoring qilib borish ishlarida sustkashliklarga yo‘l qo‘yib kelingan.
Bundan tashqari, mas’ul vazirlik va idoralar mualliflik huquqi buzilgan shaxslar tomonidan murojaat kelib tushmaguncha uning huquqlarini tiklash borasida muayyan harakatlar olib bormaslik holatlari mavjud.
Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning ijro holati, qonunchilikdagi bo‘shliqlar va amaliyotdagi muammolar muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida yuqoridagi muammolar tilga olindi.
Ayrim nashriyotlar, Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa foydalanuvchilar tomonidan asar muallifi (merosxo‘ri)ning ruxsatisiz ular asarlaridan ochiqdan-ochiq foydalanib kelayotganiga ham e’tibor qaratildi. Ushbu holatlar ustidan nazorat tadbirlari lozim darajada amalga oshirilmayotgani ko‘zga tashlanmoqda.
To‘g‘ri, sohaga oid normativ-huquqiy hujjat takomillashtirilib, intellektual mulk himoyasini kuchaytirishga qaratilgan “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Adliya vazirligi tomonidan 2019–2022 yillar davomida mualliflik va turdosh huquqlarning buzilish holati yuzasidan iqtisodiy sudlarda 136, ma’muriy sudlarda 65, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda 21, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda 2 ta ish ko‘rib chiqilgan va sudlar tomonidan tegishli qarorlar qabul qilingan. Sud qarorlariga muvofiq 216 nafar shaxsdan 297 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima undirilgan.
Majlisda intellektual mulk sohasini himoya qilish va mualliflik huquqiga oid xalqaro shartnomalarning qoida va normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish borasidagi ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi. Bundan tashqari, sohada faoliyat olib borayotgan mualliflar huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyati tizimli tashkil etilmagan.
O‘z navbatida, senatorlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralarga sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, mualliflarga ularning huquqlarini yanada kengroq tushunishlariga ko‘mak berish, targ‘ibot ishlarini kuchaytirish va huquqbuzarlik holatlarini aniqlashda tashabbuskorlikni oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va vazifalar belgilab berildi.
Cyenatorlar, ekspertlar, tegishli davlat organlari va tashkilotlari mas’ullari, jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etgan majlis yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA