MTT – muhim ta’lim-tarbiya bosqichi
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz”
Jizzax viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifati va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati” mavzusida press-tur tashkil etildi.
Unda boshqarma va Sharof Rashidov tumani xodimlari, mas’ullar, OAV vakillari ishtirok etdi.

Press-tur avvalida tumandagi 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarga sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, shuningdek, yakuniga yetib borayotgan “Yozgi sog‘lomlashtirish oyligi” doirasida amalga oshirilgan ishlar borasida batafsil axborot berildi.
– Bu MTT 1968 yilda tashkil topgan bo‘lib, 90 o‘ringa mo‘ljallangan 1 qavatli nostandart binoda joylashgan edi, – deydi 6-sonli DMTT direktori Sabohat Ahmedova. – 2020-2021 yillarda bog‘chamiz manzilli dasturga kiritilib, 2 qavatli, zamon andozalari asosida tubdan qayta qurilib foydalanishga topshirildi. Ayni paytda, bog‘chamizda malakali pedagoglar tomonidan 285 nafar bolajonga sifatli ta’lim-tarbiya berib kelinmoqda.

DMTTda 9 ta asosiy va 1 ta qisqa guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Yangi o‘quv yilida 3 ta tayyorlov guruh 90 nafar bolajonni qamrab oladi. Tashkilotda “Ilk qadam” davlat dasturidan foydalaniladi.
Mental arifmetika, raqs, badiiy gimnastika, rus va ingliz tili to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

– Bolajonlarning qiziqishi, xohish-istaklarini inobatga olgan holda to‘garaklarga yo‘naltiramiz, – deydi metodist Xolida Sharofova. – Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, bolalarga o‘z yo‘nalishini topishga ko‘mak berish. Ana shundagina ta’lim sifati ortadi, bola o‘zida qiziqish bor yo‘nalishni bemalol o‘zlashtira oladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA