Mo‘ysafidlarning jamoaviy duosi va ularga ehtirom
Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
“Al-Jazira” media tarmog‘i muxbiri Mustafo Azrid yurtimizga navbatdagi safarida ezgu qadriyatlarimiz – Ramazon an’analariga murojaat qilibdi.
– O‘zbeklar Ramazon oyida oila a’zolari, do‘stlari, qo‘ni-qo‘shnisi bilan birga iftorlik qilishga odatlangan, ular asriy an’analarga qat’iy amal qiladi, – deya e’tirof bilan boshlagan u o‘z maqolasini. – Yoshlar, odatda, ota-onalarini yo‘qlaydi, jigarlari bilan bir dasturxon atrofida to‘planadi.

Muallif muqaddas oy bahona qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni va mahalla mo‘ysafidlari xonadonga, “og‘iz ochar”ga taklif qilinishi, o‘zbekona dasturxon tuzalishiga alohida urg‘u bergan.
Bizning sariyog‘ va sut qo‘shib tayyorlangan patir nonimiz, ko‘k somsa-yu, nisholda, milliy taom hisoblanmish palov hamkasbimizni rom etgan ko‘rinadi.
– Menda hayrat uyg‘otgan yana bir udum shu bo‘ldiki, dasturxon atrofida barcha jam bo‘lgach, toki yoshi ulug‘, mo‘tabar inson duo bilan tanovulni boshlab bermaguncha, barcha hurmat bajo keltirib, odob bilan kutarkan, – deydi Mustafo Azrid.
Muharrama Pirmatova, O‘zA