Mo‘ynoqda yangi bog‘cha ishga tushirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi “Qizil jar” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Bu yangi bog‘chaning qurilishi, avvalo, hududdagi bolalar uchun munosib sharoit yaratgani bilan ahamiyatlidir. Chunki “Qiziljar” ovulida ilgari maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lmagan. Endilikda zamonaviy bog‘cha o‘z bag‘riga 90 nafar tarbiyalanuvchini qabul qilib, 30 nafarga yaqin xodimning bandligini ta’minlash imkoniyatini yaratmoqda.

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilgan ushbu bog‘cha mahalla ahli uchun katta bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Tantanali tadbirda tuman rahbarlari, mahalla faollari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va xodimlari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari yangi bog‘chaning imkoniyatlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri