Mo‘ynoqda ta’lim sifati oshmoqda
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida bugungi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 17 ta umumta’lim maktabi, 18 ta davlat, 2 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi hamda 8 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Hududda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 2 ming 525 nafar, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish ko‘rsatkichi esa 91,9 foizni tashkil etadi.
Tumandagi maktab va bog‘chalar xalqaro grant tanlovlarida faol ishtirok etib, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. O‘tgan 2025-yil davomida tumandagi 4 ta maktab 105 ming dollarlik investitsiya jalb qilishga erishdi. Xususan, “Zamin” jamg‘armasi ko‘magida maktablarda toza ichimlik suvi ta’minlangan bo‘lsa, 3-maktabda YUNISEF ko‘magida alohida yordamga muhtoj bolalar uchun zamonaviy inklyuziv sinflar yaratildi.
Xalqaro hamkorlikning joriy yildagi natijasi sifatida esa 17-maktabdagi yangilanishlarni misol qilish mumkin. Ya’ni, BMT ning Taraqqiyot dasturi asosida maktabda qiymati 51 million so‘mdan ziyod bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatildi.
[gallery-28410]
Joriy o‘quv yilida o‘tkazilgan asosiy fanlar olimpiadasining Respublika bosqichida 17-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Akmarjjn Odilboyeva qozoq tili fanidan 2-o‘rin hamda 10-sinf o‘quvchisi Nursiluv Bisenboyeva qoraqalpoq (davlat) tili fanidan 3-o‘rinni egalladi. Tumandagi 10-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Manzura Quljonova esa geografiya fanidan faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA