Mo‘ynoqda bir kun: mahallalar, bandlik va aholi murojaati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova Mo‘ynoq tumanida bo‘lib, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash va hududlarda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida aholi bilan ochiq muloqot qilinib, muammo va takliflar tinglandi, ularni hal etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Dastlab xalq vakili tuman hokimi B.Menglibekov bilan uchrashdi.

Muloqotda Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, hudud salohiyatidan samarali foydalanish va hududni turizmga ixtisoslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Ayniqsa, hududlarda aholi uchun munosib sharoit yaratish, bandlikni oshirish va mahallalarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Deputatning navbatdagi manzili “Tashabbusli byudjet” loyihasida g‘olib bo‘lgan Do‘stlik mahallasi bo‘ldi. Bu yerda qurilish ishlari yakuniga yetib borayotgan mahalla binosida yaratilayotgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Pudratchi korxona vakillari hamda ishchilar bilan muloqotda “mahalla yettiligi” uchun qulay ish sharoitini yaratish, kuz-qish mavsumida isitish tizimining tayyorligi, moddiy-texnika ta’minoti, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati va murojaatlar bilan ishlash samaradorligi kabi masalalar muhokama qilindi.

“Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida 3 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallaning asosiy drayveri kichik tadbirkorlik va aholiga xizmat ko‘rsatish sohalari hisoblanadi. Aholi bandligini ta’minlash, o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, kambag‘allik reyestrida turgan 20 nafar fuqaroning “Oil Technical Service of XDEC” gaz qazib chiqarish va burg‘ilash tashkilotiga doimiy ishga joylashtirilgani qayd etildi. Shuningdek, joriy yil sentabr oyida 24 nafar ishsiz fuqaro "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga doimiy ishga, fermer xo‘jaliklariga hamda Orol dengizidan artemiya sistalarini yig‘ish kabi mavsumiy ishlarga jalb etildi. Mahallada 14-30 yoshli 687 nafar yosh istiqomat qiladi. Ular orasidagi 17 nafar ishsiz yoshning ham qiziqish va qobiliyatidan kelib chiqib, imtiyozli kreditlar ajratish, zamonaviy kasblarga o‘qitish va ishga joylashtirish orqali bandligi ta’minlangan. Bu esa mahallada yoshlar bilan manzilli ishlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Mahallaning yangi binosida elektr energiyasidan tejamkor foydalanish maqsadida quyosh panellari o‘rnatilgani ham e’tibordan chetda qolmadi. Deputat mahalla raisi va “mahalla yettiligi” a’zolarining tizimni yanada takomillashtirish, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan fikr va takliflarini tingladi. Uchrashuv doirasida Ajiniyoz nomidagi ekopark faoliyati ham o‘rganildi. Park hududida amalga oshirilayotgan ishlar, uni kengaytirish bo‘yicha rejalar bilan tanishilib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Deputatning keyingi manzili Mo‘ynoq va Talli o‘zak mahallalari bo‘ldi. Bu yerda mahalla yettiligi va faollar bilan muloqot o‘tkazilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, hududni rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish va ijtimoiy muammolarni bartaraf etish masalalari yuzasidan fikr almashildi. “Mahalla yettiligi”ning aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mas’ullar bilan birgalikda amaliy vazifalar belgilab olindi va zarur tavsiyalar berildi.
Aholi bilan muloqotlar chog‘ida ularning kundalik hayotiga daxldor muammo va takliflar ham eshitildi. Xususan, mahalla hududidagi ichki yo‘llarni qora qoplamali asfaltlash masalasi ko‘tarildi. Uchrashuvda bildirilgan murojaatlarning aksariyati bo‘yicha huquqiy jihatdan tushuntirish va amaliy tavsiyalar berilgan bo‘lsa, ayrim masalalar nazoratga olindi. “Mo‘ynoq” mahalla fuqarolar yig‘inida 3 ming 100 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalla drayveri asosan kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan.
Muloqotlarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikdan chiqarish, mavjud imkoniyatlarni ishga solish va mahallaning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan ishlar muhokama qilindi. Uchrashuv davomida deputat mahallada aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, bugungi kunda mahalla tizimida aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, ochiqlik va manzilli yondashuvni kuchaytirish muhim vazifa ekanini ta’kidladi. Zero, mahalladagi har bir masalaga e’tibor, har bir murojaatga amaliy munosabat – aholi ishonchini mustahkamlashning muhim omilidir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri