Mo‘ynoq sport bayramiga mezbonlik qilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida sport musobaqasiga start berildi. Bu gal belbog‘li kurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan yosh polvonlarni bir maydonga jamladi.
Jumladan, Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 300 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda. Musobaqada o‘g‘il bolalar 13 ta va qizlar 9 ta vazn toifasida chempionlik uchun kurash olib borishadi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda sportni, shu jumladan, belbog‘li kurashni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish hamda iqtidorli sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etishdi. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga halol bellashuv, ulkan zafar va yuksak natijalar tiladi.

Mazkur chempionat Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilib, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda belbog‘li kurash an’analarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Hech shubhasiz, Mo‘ynoq tumanida o‘tkazilayotgan ushbu musobaqa kelajak chempionlarini kashf etadigan, do‘stlik va sport ruhini yanada mustahkamlaydigan muhim maydonga aylanadi.
Belbog‘li kurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati 19-iyulgacha davom etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri