O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi doirasida Samarqand davlat universitetida “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Samarqand davlat universiteti, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Samarqand arxeologiya instituti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va boshqa oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Konferensiyada buyuk ajdodimiz, moturidiylik aqidaviy ta’limoti asoschisi Abu Mansur Moturidiy va u zotning izdoshlari qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosning ahamiyati, alloma dafn etilgan Chokardiza qabristonidagi qurilish va obodonlashtirish ishlari natijalariga oid ma’ruzalar tinglandi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda Imom Moturidiy ilmiy merosiga oid tadqiqotlar sifat va son jihatidan oshib, ushbu ilmiy izlanishlar xorijlik olimlar e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Anjumanda ishtirok etgan Indoneziya va turkiyalik olimlar O‘zbekistonda moturidiylik ta’limotiga qaratilayotgan e’tiborning yuksak darajada ekanini e’tirof etdilar.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomovning ta’kidlashicha, Markaz tomonidan Imom Moturidiy va ul zotning izdoshlari ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha 49 ta kitob, 46 ta xalqchil risola, 12 ta monografiya nashr qilindi. Abul Husayn Bashog‘ariyning “Ismat al-anbiyo” asari qo‘lyozmasi asosida ilmiy-tanqidiy matn tayyorlandi va Iordaniyada nashr qilindi. Qohira shahrida ushbu kitobning taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, Abdurahim ibn Ali Shayxzodaning “Sharh al-Aqoid at-tahoviya”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsirat al-adilla”, Mankubars Nosiriyning “an-Nur al-lomi’” asarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari amalga oshirildi.
Tadbirda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan “Ta’vilot al-Qur’on”, “Kitob at-tavhid” asarlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, Imom Moturidiydan bizning davrimizgacha yetib kelgan asarlar ushbu ikki kitob bo‘lib, alloma yubileyi munosabati bilan mazkur nodir manbalar o‘zbek tiliga to‘liq tarjima qilindi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Imom Moturidiy ilmiy merosiga bag‘ishlab oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA