Samarqand shahrida 29-30 aprel kunlari “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Buyuk alloma Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlangan konferensiyada Misr, Turkiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 26 davlatdan 70 dan ziyod muftiylar, nufuzli islomshunos olimlar, moturidiyshunos tadqiqotchilar, davlat va jamoat arboblari, diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashdi.
Xalqaro anjumanning ochilish marosimi Qur’on oyatlari tilovati bilan boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi R.Davletov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda qayd etilganidek, “Kalom ilmining sultoni”, “Musulmonlar e’tiqodini tuzatuvchi” degan yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lgan Imom Moturidiy o‘rta asrlarda – g‘oyaviy kurashlar avj olgan o‘ta murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng ochib beradigan noyob ilmiy-ma’rifiy asarlar yaratgani, turli zararli oqimlar va jaholatga qarshi mardona kurash olib borgani, hech shubhasiz, chinakam ma’naviy jasorat namunasidir.
Buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik maktabi va ta’limoti esa e’tiqod borasida asrlar davomida bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat timsoli bo‘lib kelayotgani tahsinga sazovordir.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Misr Arab Respublikasi Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy, Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Muhammad Abdussalom, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO) bosh direktori o‘rinbosari Abduliloh Benaraf va boshqalar Imom Moturidiyning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati, bugungi kundagi ahamiyati yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar. Allomaning ahli sunna val jamoa e’tiqodiga asoslangan ta’limoti buzg‘unchi g‘oyalarga ilmiy asoslangan raddiyalarni berishda o‘ta ahamiyatli hisoblanib, musulmonlar o‘rtasida birlik va hamjihatlikni ta’minlashda muhim o‘rin egallashi ta’kidlandi.
Misr Arab Respublikasi vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy Imom Moturidiy ming yillar oldin muqaddas islom dini va uning kalomi bo‘lgan Qur’oni karimni noto‘g‘ri talqin qiluvchi oqimlarga qarshi turib, dinimizning asl mohiyatini ochib bergani, shu bilan birga ko‘plab shogirdlar tayyorlaganini e’tirof etdi. Alloma g‘oyalari va qarashlari bugungi kunda ham dolzarb ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, so‘zga chiqqanlar mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.
[gallery-23100]
– Yurtimizda islom ma’rifatini tarqatish, o‘tmish ajdodlarning boy ma’naviy merosini yanada chuqur o‘rganish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish – olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan sanaladi, – deydi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov. – Bu haqda gapirganda so‘nggi yillarda mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilganini ta’kidlash lozim. Xususan, 2020 yilda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, “e’tiqodni tuzatuvchi”, “insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi” degan sifatlar berilgan buyuk ajdodimizning ilmiy-ma’rifiy faoliyati chuqur tadqiq etildi, O‘zbekistonda moturidiyshunoslik ilmiy maktabi shakllandi. Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadigan joriy yilda markazimizning maqomi va nufuzi oshirilib, Vazirlar Mahkamasi huzurida qayta tashkil etilgani bu boradagi ishlar endilikda yanada keng ko‘lamda davom etishidan dalolatdir.
Anjuman yalpi majlisida ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiyning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati, bugungi kundagi ahamiyati kabi muhim masalalar muhokama qilinib, fikr-mulohazalar bayon etildi.
Shundan so‘ng allomaning ilmiy merosini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish maqsadida konferensiya ishi shu’balarda davom etdi.
Xususan, birinchi shu’ba Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rniga bag‘ishlanib, unda Imom Moturidiy, moturidiy allomalari hayot yo‘li, Movarounnahr kalom ilmi maktabi rivojlanish tarixi haqida ilmiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Ikkinchi shu’bada moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini muhokama qilinib, mazkur ta’limotda ilgari surilgan g‘oyalar, jumladan, bag‘rikenglik, mo‘’tadillik, birdamlik va ma’rifat g‘oyalarining shakllanishi ko‘rib chiqildi.
“XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati” deb nomlangan uchinchi shu’bada Imom Moturidiy ilmiy merosida aks etgan mavzularning bugungi kundagi dolzarb muammolarni hal qilishda muhim platforma vazifasini o‘tayotgani olimlar talqinida bayon etildi.
– Islom dinimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan alloma Imom Moturidiy tug‘ilib o‘sgan zaminda o‘tkazilayotgan nufuzli anjumanda qatnashayotganimizdan baxtiyormiz, – deydi Qirg‘iz Respublikasi bosh muftiysi Shayx Abdulaziz Zokirov. – Bu nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo xalqlari uchun, balki butun musulmon olami uchun juda muhim tadbir hisoblanadi. Chunki inson uchun suv va havo qanchalik muhim bo‘lsa, bugun musulmon olamiga moturidiylik shunchalik zarurdir. Sir emas, bugun dunyoning turli mintaqalarida islom dinini noto‘g‘ri talqin qilayotgan radikallar, turli oqimlar ko‘payib ketgan. Ularga qarshi turish, aqida ilmi mohiyatini tushuntirish uchun ham mazkur ta’limotni chuqurroq o‘rganishimiz, targ‘ib etishimiz lozim. Moturidiylik orqali diniy nuqtai nazardan munozarali har qanday masalaga yechim topish mumkin.
Anjuman yakunida Imom Moturidiy ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha nufuzli olimlarning taklif va tashabbuslari asosida yakuniy deklaratsiya qabul qilindi.
Yakuniy deklaratsiyada bugungi kundagi dolzarb masalalarga yechim topish, xususan, adashgan oqimlarga ilmiy raddiyalar berishda moturidiylik ta’limotining o‘rni va ahamiyati, mo‘’tadilligi ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etildi.
Anjuman davomida mamlakatimizdagi ilmiy-ma’rifiy markazlar tomonidan tayyorlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Imom Moturidiy qalamiga mansub “Ta’vilot al-Qur’on”, “Kitob at-tavhid” asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari xorijlik olim va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Konferensiya ishtirokchilari Samarqand shahridagi diqqatga sazovor joylar, xususan, Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat qildilar.
G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari