Moskvada universitetlararo xalqaro turnirda hamyurtlarimiz kuchli to‘rtlikdan joy oldi
Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tgan xalqaro universitetlararo jamoaviy turnirda o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar jamoasi munosib ishtirok etdi.
Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston universitetlaridan to‘qqizta jamoa ishtirok etgan bahslar 9 ta turdan iborat bo‘lib, har bir jamoa o‘zaro to‘qnash keldi.
Hamyurtlarimiz o‘tkazilgan turlar davomida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston jamoalaridan ustun kelgan bo‘lsa, Rossiya va Turkmaniston jamoalari bilan murosa yo‘lini tanladi. Belarus va Armaniston jamoalariga kichik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
O‘tkazilgan o‘yinlar natijasida 17,5 ochko jamg‘argan hamyurtlarimiz 4-o‘rin bilan kifoyalandi.

Turnirning sovrinli o‘rinlari Armaniston, Belarus va Rossiya jamoalariga nasib etdi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Davron Sharipov, Hadiyatullo Muhammedov, Shohamirbek Tojiboyev va Asal Salimova o‘tkazilgan o‘yinlarda kerakli natijalarni qayd etib, O‘zbekiston jamoasining kuchli to‘rtlikdan o‘rin olishiga munosib hissa qo‘shishdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA