Moskvada G‘alaba bog‘iga bag‘ishlangan kitob taqdimoti o‘tkazildi
Moskvada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan nashr etilgan «G‘alaba bog‘i falsafasi» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Taqdimot mamlakatimiz delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida tashkil etildi. Tadbirni delegatsiya rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov olib bordi.
Toshkent shahrida bunyod etilgan «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan kitobning Moskvadagi taqdimoti «Rossotrudnichestvo» tashkiloti rahbari Yevgeniy Primakov bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Botir Asadov, Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi Mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vladimir Shamanov, fazogir – Rossiya Qahramoni Solijon Sharipov, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Vladimir Churov, rossiyalik taniqli yozuvchi Fedor Razzakov va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu kitob Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi asosida G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan yozilgan va nashr etilgan. Taqdimot ishtirokchilari kitobning beqiyos ahamiyati haqida so‘z yuritish asnosida, ushbu nashr tarixiy xotirani yodda saqlash nuqtai nazaridan nihoyatda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Shuningdek, kitob yuksak matbaa yutuqlari asosida chop etilgani, muallif tanlangan mavzuni yoritish masalasiga nihoyatda serqirra yondashgani, xususan, kitob sahifalarida hatto turli millat va elatlar vakillaridan tarkib topgan «Turkiston legioni» va «Fransuz qarshilik harakati» bilan bog‘liq ma’lumotlar ham joy olgani e’tirof etildi. Bundan tashqari, kitobning kengaytirilgan shaklini Rossiya Federatsiyasida nashr etish taklifi bildirildi.
N.Usmonova, O‘zA