Moskva va Yerevan munosabatlari sovuqlashmoqda (+video)
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya harbiylari mamlakatdan chiqib ketishi mumkinligini aytdi, deb xabar berdi TRT kanali.
Bosh vazir Nikol Pashinyanning aytishicha, agar Rossiya o‘z harbiylarini Armanistondan olibchiqmoqchi bo‘lsa, buni amalga oshirishi mumkin.
«Armaniston bu masalani hech qachon ko‘tarmagan. Rossiya — bizning do‘stona munosabatda bo‘lgan davlatlarimizdan biri. Agar ular harbiy bazasini olib ketishmoqchi bo‘lsa, buni amalga oshirishlari mumkin, biz qarshi emasmiz. Agar qolishni xohlashsa, bizga kerak bo‘lmagan bazani saqlab qolish shartlarini muhokama qilishga tayyormiz», — dedi Pashinyan.
Pashinyan, shuningdek, agar tashkilotga a’zo davlatlar shunday xohish bildirsa, Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqarilishi mumkinligini aytdi. 2024-yil fevral oyida Yerevan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi ishtirokini to‘xtatgan edi. 2026-yil may oyida esa tashkilot faoliyatini moliyalashtirishdan voz kechdi. Rossiyaning 102-harbiy bazasi Armanistonning Gyumri shahrida joylashgan. Bazani joylashtirish bo‘yicha dastlab 25 yilga tuzilgan kelishuv 2010-yilda uzaytirilib, uning amal qilish muddati 2044-yilgacha belgilangan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bazaning asosiy vazifasi Armanistonga tashqi tahdidlardan himoyalanishda yordam berish. Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham bazaning Armanistonda keyinchalik qolishi yoki qolmasligi masalasini Yerevan hal qilishi kerakligini aytgan edi. Biroq Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu bazani qisqartirishga biror asosni ko‘rmayotganini bildirgan.
So‘nggi bir necha yilda Moskva va Yerevan munosabatlari keskinlashib qoldi. May oyidan boshlab Rossiya Armanistondan keladigan turli mahsulotlarga cheklovlar joriy qila boshladi. Birinchi cheklovlar Armanistonda 7-iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan biroz oldin joriy qilingan. Pashinyan partiyasi saylovda g‘alaba qozonib, Yerevan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza berganidan keyin esa cheklovlar soni yana ko‘paygan. Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi Armaniston uchun savdo imtiyozlarini kengaytirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu choralar natijasida Armaniston eksportining qariyb 80 foizi bojxona bojlaridan ozod qilinishi mumkin. Shuningdek, Armaniston savdoni kuchaytirishi va uni turli bozorlarga yo‘naltirishi uchun 18 million yevro mablag‘ oladi. Shu vaziyatda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Armanistondan Yevropa Ittifoqi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida qaysi yo‘lni tanlash bo‘yicha referendum o‘tkazishni talab qildi. Yerevan esa, o‘z navbatida, o‘z mahsulotlarini boshqa bozorlarga, jumladan Yevropa bozoriga ko‘proq chiqarishga harakat qila boshladi.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev.O‘zA