Moskva mudofaasi: ortga chekinishga yo‘l yo‘q
Andijon viloyati Xonobod shahri hokimi Mash’albek Tojiboyev, harbiylar, keng jamoatchilik vakillari hamrohligida Qo‘rg‘ontepa tumani, Buyuk Turon mahallasida yashovchi, urush faxriysi Odiljon ota Siddiqov xonadoniga tashrif buyurdi.
Mehmonlar Odiljon otani Buyuk G‘alabaning 76 yilligi bilan muborakbod etib, unga sovg‘a-salomlar topshirdi.
Odiljon ota Siddiqov 1925 yilda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Sultonobod mahallasida tavallud topgan. O‘n yetti yoshini qarshilagan 1942 yilning yozida harbiy xizmatga jo‘nab ketgan. Dastlab, Moskva shahri ostonasidagi janglarda qatnashgan.
O‘sha paytda aynan Moskva ostonasidagi harbiy harakatlarda qatnashgan harbiylar orasida qat’iy qoida hukm surgan: “Ortga, chekinishga yo‘l yo‘q”. Barcha askarlar qatori ana shu qat’iy tartibga amal qilgan Odiljon Siddiqov ayovsiz janglarda qahramonlik namunalarini ko‘rsatdi.

So‘ng Penza, Stalingrad shaharlarini ozod etish uchun bo‘lgan janglarda qatnashadi. Stalingrad yaqinidagi harbiy harakatlarda oyog‘idan qattiq yaralanadi. Ma’lum muddat davolanib, yana harbiy xizmatni davom ettiradi.
Odiljon Siddiqov 1947 yilda harbiy xizmatni tamomlab, o‘z ona yurtiga qaytib kelgan. Uzoq yillar mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida samarali mehnat qilib, hozirda keksalik gashtini surayotgan otaxon farzand va nabiralari, mahalladoshlari, el-yurt ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.

Buyuk G‘alabaning 76 yilligi arafasida ko‘rsatilgan ehtiromdan otaxonning ko‘ngli tog‘day ko‘tarildi. Odiljon ota yurtimiz tinchligi, hayotimiz to‘kin va farovonligini tilab, duo qildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMURZOQOV (surat),
O‘zA