Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. Joriy yil 13 iyun kuni “Moody’s” xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatning kredit reytingi “Ba3” darajasida tasdiqlanib, reyting kutilmasi “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirildi.
Bunday ijobiy baho O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va institutsional islohotlar, xususan, energetika, moliya va boshqaruv sohalaridagi tub o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Agentlik tariflar bosqichma-bosqich oshirilayotgani, aholining inflyatsiyadan himoya qilinishi maqsadida ijtimoiy to‘lovlar ko‘tarilgani va davlat subsidiyalarining qisqartirilganiga e’tibor qaratgan.
Shuningdek, davlat korxonalari va banklarini isloh qilish, ularda kuzatuv kengashlarining mustaqilligi va shaffofligini oshirish, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi hamda bu borada qator qonun loyihalarining ishlab chiqilayotgani, ma’lumotlar ochiqligi va shaffoflikning yaxshilanib borishi ijobiy baholangan.
2024 yilda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etildi va 18 ta yirik davlat korxonasi va banki aksiyalari o‘tkazildi. Yana 29 ta korxona aksiyalarini ommaviy joylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu o‘zgarishlar xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish va iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan.
O‘tgan yili O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,5 foiz o‘sdi. Agentlik 2025 yilda 5,8 foiz, 2026 yilda esa 5,7 foiz o‘sishni kutmoqda. Bu o‘sish “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga muvofiq, energetika va transport infratuzilmasiga qaratilgan investitsiyalar bilan bog‘liq.
Byudjet taqchilligi 2023 yildagi 4,9 foizdan 2024 yilda 3,3 foizga kamaydi. “Moody’s”ning taxminiga ko‘ra, 2025-2027 yillarda bu ko‘rsatkich 3 foizdan oshmaydi, davlat qarzi esa YAIMga nisbatan 40 foiz chegarasida saqlanadi.
Xulosa qilib aytganda, “Moody’s” O‘zbekistonning reytingini oshirish uchun asosiy shart sifatida boshqaruv islohotlarining davomiyligi, fiskal barqarorlik va xususiylashtirish jarayonlarining samarali olib borilishini ko‘rsatmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA