Mo‘minjon Abdullayev Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma oldi
Qozog‘istonning Olma-ota shahrida sport kurashlari bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga Osiyo qit’asi uchun yo‘llanma beruvchi litsenzion turnir davom etayotganligidan xabaringiz bor.
Bugun eng og‘ir vazn toifasidagi kurashchimiz, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Mo‘minjon Abdullayev gilamga chiqdi. 130 kg vazndagi yunon-rum kurashchimiz guruh bosqichining ilk bellashuvida hindistonlik Navin Navinni 9:0, ikkinchi bosqichda qirg‘izistonlik Roman Kimni 4:0 hisoblarida mag‘lub etdi. Abdullayev guruhning so‘nggi uchinchi bellashuvida yaponiyalik Arata Sonodadan 9:0 hisobida ustun keldi hamda guruhni birinchi o‘rin bilan yakunladi.
Mo‘minjon zafarli yurishini navbatdagi bosqichda ham davom ettirdi. Yarim finalda ikkinchi guruhda ikkinchi o‘rinni egallagan xitoylik Ling Je Menga qarshi gilamga chiqdi va bu raqibini ham yirik - 9:0 hisobida dog‘da qoldirdi. Ushbu g‘alaba Abdullayevga Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini taqdim etdi.
Oybek YUNUSOV, O‘zA