Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish afzalligi nimada?
Shunday ekan, avvalo, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) deganda nima tushuniladi va uning qanday afzalliklari borligi toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq.
Sharh
Prezidentimizning 2020-yil 24-fevraldagi “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida koʻzda tutilayotgan yangiliklar, uning ahamiyati va zarurati nima, degan savol koʻpchilikni qiziqtirmoqda. Boisi, moliyaviy hisobotlar salkam 30 yildan buyon milliy standartlar asosida yuritib kelingan, hech qanday qiyinchilik boʻlmadik-ku, deb oʻylashimiz tabiiy.
Shunday ekan, avvalo, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) deganda nima tushuniladi va uning qanday afzalliklari borligi toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq.
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari – moliyaviy hisobotlarni tuzish uchun hujjatlar toʻplami, moliyaviy hisobotlarning tuzilishini tartibga soluvchi reglament boʻlib, tashqi foydalanuvchilar tomonidan biror-bir tashkilotga nisbatan iqtisodiy qaror qabul qilish uchun foydalaniladi. Yaʼni, oddiy misol tariqasida keltirsak, bu xorijiy investorlarni mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tashkilotlarning (kompaniya, korporatsiya, aksiyadorlik jamiyatlari) aksiyalari, qimmatli qogʻozlari va boshqa turdagi investitsiya jalb qilishi mumkin boʻlgan moddiy boyliklarning istiqbolda oʻsishi yoki pasayishini tahlil qilishi uchun zarur axborotlar bilan taʼminlash mumkin boʻladi.
Biz uchun afzalligi esa mamlakatimizdagi yirik korxonalarga xalqaro moliya bozorlarida ishtirok etish imkoni yaratiladi. Masalan, respublikamizdagi yirik korxonalarning chet el fuqarolari yoki yuridik shaxslari tomonidan ularning aksiya va obligatsiyalarini sotib olishi evaziga ushbu korxonalarga investitsiya kiritish, pirovardida korxonani rivojlantirish natijasida Davlat byudjetiga tushumning oshishiga olib keladi.
Prezidentimizning mazkur qaroriga binoan, 2021-yil 1-yanvardan boshlab, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari va yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida buxgalteriya hisobi yuritilishiga oʻtishi belgilangan.
Albatta, har qanday islohotning toʻgʻri, oʻz vaqtida yuritilishi kadrlar masalasiga, ularning sifatiga bogʻliq. Shu bois, davlatimiz rahbarining qarorida MHXS boʻyicha kadrlar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Darhaqiqat, bu borada eng asosiysi, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari va yirik soliq toʻlovchilarini 2021-yil yakuniga qadar buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi toʻgʻrisida hujjatga yoxud “Sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter (CIPA)”, “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (ASSA)”, “Sertifikatlangan jamoatchi buxgalter (SRA)” va “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR)” sertifikatlaridan biriga ega kamida uch nafar mutaxassis miqdorida MHXSni sifatli qoʻllash uchun yetarli boʻlgan buxgalteriya xizmati xodimlari bilan taʼminlash masalasidir. Ana shu oʻta zalvorli va hal qiluvchi masala hal etilsa, qoʻyilayotgan vazifa sifatli uddalanadi.
Shuningdek, moliyaviy hisobotni ixtiyoriy ravishda moliyaviy hisobotlarning xalkaro standartlariga muvofiq tayyorlaydigan tadbirkorlik subyektlari buxgalteriya hisobining milliy standartlari boʻyicha moliyaviy hisobot taqdim etishdan ozod etilishi belgilab qoʻyilayotgani ham muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari sohasida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha jahonning muvaffaqiyatli tajribalarini ommalashtirish hamda sohaga oid oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarini bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish yuzasidan buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga ham ustuvor vazifa sifatida qaraladi.
Mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga kiritish uchun yalpi ichki mahsulotning barqaror oʻsish surʼatlariga erishish, byudjet barqarorligi, ishlab chiqarish mahsulotlari raqobatbardoshligini taʼminlash, buning uchun esa, chet el investitsiyalarini koʻproq kiritish muhim rol oʻynaydi.
Shu bois davlatimiz rahbarining mazkur qarori korxonalarimizning jahon bozorlarida oʻz oʻrniga ega boʻlishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Maqsud QURBONBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati