Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazi tomonidan «UzASBO» dasturiy majmuasini rivojlantirish va byudjet tashkilotlariga zamonaviy texnologik xizmatlarni ko‘rsatish uchun sharoitlar yaratish maqsadida, Axborot-hisoblash markazi va to‘lov xizmatlarini taqdim etuvchi Tashqi iqtisodiy faoliyat «Milliy bank» aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida hamkorlik memorandum imzolandi.
«Milliy bank» to‘lov xizmatlari orqali «Oylik monitoring» xizmatini (oylik ish haqi bo‘yicha elektron shaklda to‘liq ma’lumotlar olish xizmati) amalga oshirish bo‘yicha xizmatlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
2011 yilda ishga tushirilgan «UzASBO» dasturiy majmuasida bugungi kunda 30 mingdan ortiq byudjet tashkilotlari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, jami
3 milliondan ortiq byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.
Bundan tashqari, kelgusida mazkur xizmatlar ro‘yxatini yanada kengaytirib borish ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, aholidan byudjet tashkilotlariga to‘lovlarni amalga oshirish belgilangan. Masalan, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasiga kitob ijarasi uchun, tibbiyot muassasalarida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun, oliy va professional ta’lim muassasalari kontrakt to‘lovlari uchun va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ota-onalar badal to‘lovlari uchun hamda boshqa xizmatlar uchun «Milliy bank» to‘lov xizmatlarini taklif etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, «Milliy bank» to‘lov tizimi tomonidan byudjet tashkilotlari xodimlariga mikroqarzlarni rasmiylashtirish va mikrokreditlarni berish ishlarini tashkil etish hamda rejalashtirilgan.
Moliya vazirligi Axborot xizmati