Moldova Prezidenti ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yadi
Moldovaning amaldagi Prezidenti Mayya Sandu 2024 yil oxiriga belgilangan prezidentlik saydoviga yana nomzodini qo‘yish niyatida.
“Bizda hali muhim rejalar bor, agar menga ishonsangiz, yangi muddatda ishni davom ettirishga va’da beraman”, – degan u respublika rahbari rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda.
Sandu “Harakat va birdamlik” partiyasidagi ittifoqchilari tomonidan nazorat qilinadigan parlamentdan mamlakatni Yevropa sari yo‘naltirish bo‘yicha referendum o‘tkazish ustida ish boshlashni so‘radi.
– Kelajagimiz Yevropa oilasida, biz qaysi yo‘lni tanlashimizni aniq aytishimiz kerak, – dedi Moldova yetakchisi. – Men parlamentni kelasi kuzda fuqarolar ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega referendum o‘tkazishga chaqiraman.
2020 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozongan Sandu bir necha bor Rossiya – Ukraina ziddiyatini qoralagan, Moskvani esa o‘zini hokimiyatdan chetlatish maqsadida davlat to‘ntarishi uyushtirishga urinishda ayblagan. Kishinyovdagi Rossiya elchixonasi esa Moldova hukumati tomonidan “rusofobiya kayfiyati qo‘zg‘atilyotgani”ni da’vo qilgan.
Moldovaning sobiq Prezidenti, sotsialist Igor Dodon Sanduning qayta saylanish niyatini ham, referendum o‘tkazishga chaqirig‘ini ham qoraladi.
– Mayya Sandu 3 yillik lavozimidan so‘ng o‘zini siyosiy jihatdan cho‘kishdan “qutqarish” uchun referendumdan boshqa taklif qiladigan hech nimasi yo‘q, – deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda. – U Yevropa bilan aloqalarga umid qilmoqda va bu holat unga yangi mandat olib kelishi mumkin.
Uning fikricha, Sandu “siyosiy cho‘qqini bosib o‘tdi” va “butun bir xalqning hafsalasini pir qildi”. Dodon ayni dam prezidentlikka nomzodini qo‘yish haqida o‘ylamayotganini ham qo‘shimcha qilgan.
“Men avval prezidentlik qilganman, endi hech qanday holatda davlat rahbari bo‘lish uchun nosog‘lom ambitsiyam yo‘q”, – deb yozgan.
Kelasi yil oxiriga mo‘ljallangan Moldova Prezidenti saylovining aniq sanasini parlament belgilaydi.
K.Bekjonov,
O‘zA