Moldova 2024 yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tarkibidan chiqish jarayonini yakunlab, ushbu tashkilot doirasida tuzilgan va qolgan barcha tegishli hujjatlarni izchillik bilan denonsatsiya qiladi.
– Kishinyov har bir soha bo‘yicha vaziyatni avvaldan o‘rganib chiqib, bosqichma-bosqich kelishuvlardan chiqib ketmoqda, – dedi Moldova parlamentidagi tashqi siyosat va Yevropa integratsiyasi komissiyasi raisi Doyna German “Exclusiv” telekanaliga.
Binobarin, mulozim bir qator muxolif siyosatchilarning MDHdan chiqib, Moldova zarar ko‘rishi mumkinligi xususidagi bayonotiga qo‘shilmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Moldova iqtisodiyoti uchun salbiy oqibatga olib kelmaydi, chunki MDH tarkibidagi muayyan davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni istisno etmaydi.
– Bu manipulyatsiya va dezinformatsiyaning bir qismi, – deya ta’kidlagan parlament a’zosi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning “Moldova MDH uchun hech qanday qadr-qimmatga ega emas” degan bayonotini sharhlar ekan. – Biz iqtisodiy jihatdan hech nima yo‘qotmaymiz. Endilikda Kishinyov 30 yil avval tuzilgan MDH doirasidagi kelishuvlarni o‘rganar ekan, hech qanday foyda ko‘rilmagan, degan xulosaga kelmoqda.
2023 yil Moldova MDH kelishuvlarini denonsatsiya qilish jarayonini boshladi.
Yil davomida Kishinyov tashkilot doirasidagi o‘nlab hujjatlarni rad qildi. Xususan, may oyida MDH doirasida tashqi chegaralarini himoya qilish masalasi, tashkilotlar o‘rtasida tovar yetkazib berish sharti hamda axborot almashish bo‘yicha kelishuvdan chiqdi. Ayni payt Moldova Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuv jarayoni bilan shug‘ullanmoqda. 2022 yil iyun oyida YeI ushbu mamlakatga Ukraina kabi nomzod maqomini berdi va 2023 yil oxirida ittifoq tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha muzokara boshlashga qaror qildi.