“Mo‘’jizalar davri” xayriya ko‘rgazmasi
Poytaxtimizdagi "Lotte City Hotel Tashkent Palace" mehmonxonasida O‘zbekiston Volonterlar assotsiatsiyasi hamda Yoshlar itifoqi hamkorligida imkoniyati cheklangan bolalarning ustozlari va tarbiyachilari yordamida tayyorlagan ijodiy ishlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Unda imkoniyati cheklangan bolalarning manfaatlariga yo‘naltirilgan kompleks dasturlarni amalga oshirayotgan 25 dan ortiq tashkilot, bolalar uyi, maxsus maktab-internatlar hamda jamoat tashkilotlari ishtirok etdi.
Yurtdoshlarimiz, biznes, xayriya tashkilotlari vakillari e’tiborini nogiron bolalar muammosiga jalb etish, bolalarning ijodiy tashabbuslarini amalga oshirish imkoniyatlarini izlash hamda
ijtimoiy mas’uliyat tamoyillaridan kelib chiqib ularni amaliy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda yoshi kichik bo‘lishiga qaramay muhim o‘ringa ega bo‘lgan bolalar o‘zlarining ijodlari orqali dunyoga ezgulik va yorug‘lik keltirishga qaratilgan va qalb mehri bilan yo‘g‘rilgan ishlarini taqdim etdi.
Jumladan, ular tomonidan 1 ming 500 dan ortiq ishlar, rasmlar, otkritkalar, yumshoq o‘yinchoqlar, zardo‘zi buyumlar, batik, munchoqli buyumlar, applikatsiya, kashtado‘zlik buyumlari va boshqa turfa ishlar taqdim etildi.
Bu bolalar hayotdan to‘laqonli zavqlanishga imkon bermaydigan turli xil cheklovlar bilan dunyoga kelishdi. Ammo bu ularga atrofda sodir bo‘layotgan, hatto biz sezmaydigan ijobiy lahzalarni izlash va topishga xalal bermaydi. Ijodlari orqali ular o‘zlarining atrof-muhitni qanday idrok etayotganini ifodalaydilar. Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar dunyoni shu bolalar nigohi bilan idrok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ma’qul bo‘lgan buyumni xarid qilar ekansiz, unga yosh muallif qalbining bir parchasi va qo‘l tafti qo‘shilganiga amin bo‘lasiz.
Ko‘rgazma davomida bolalar uchun kuy-qo‘shiqlar, shuningdek, bolalarning o‘zlari ishtirokidagi qiziqarli shou-dasturlar taqdim etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA