O‘lkamizda qish hukm surmoqda. Ayni faslda gullar ochilib, qushlar sayrab turgan manzaraga hech guvoh bo‘lganmisiz?..
Toshkent Botanika bog‘i oranjeriyasiga tashrif buyursangiz, bu mo‘’jizaga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Oddiy til bilan aytganda, 5-10 metrlik oynavand issiqxona uy ichkarisida bahor, yoz, kuz fasllarining nafasi ufrib turadi. Bu yerdagi mo‘’jizakor yashillik sizni o‘ziga maftun etadi.



O‘zbekiston Respublikasi Botanika instituti huzuridagi akademik F.N.Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘i oranjeriyasiga qadam bosishingiz bilanoq g‘aroyib olamga kirib qolgandek his qilasiz o‘zingizni. Sayroqi qushlar xonishi sizni ichkariga chorlaydi...
Hozirda oranjeriyada tropik va subtropik o‘simliklarning 79 oila, 184 turkumga mansub 359 ta turi saqlanib, ular ustida doimiy kuzatish ishlari olib boriladi. Bu mo‘’jaz oynavand makonda palmaning 53 yildan buyon saqlanayotgan turlari, finik palmasi – xurmo daraxti, kaktuslarning 23 yildan buyon o‘sib kelayotgan turlarini ko‘rish mumkin.



Oranjeriya 4 bo‘limdan iborat.
Birinchi bo‘limda asosan kaktuslar bo‘lib, ularning 100 ziyod turi parvarishlanadi. Kaktuslarning 20-30 yildan buyon o‘sib kelayotgan turlari ham bor. Bunga misol, Kaktus Sitirus salkam 30 yildan buyon parvarish qilib kelinmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joiz, kaktuslar juda sekin o‘sadigan o‘simlik sanaladi. Shuningdek, Bambukis daraxti juda noyob bo‘lib, bo‘yi hozirda 3 metrga yetgan. Uni asli vatani Hindiston hisoblanadi. O‘simlik tanasiga e’tibor bersangiz tikanlar bilan qoplangan. Oranjeriyada Agava turlari ham mavjud, ular juda chidamli o‘simlik hisoblanib, sovuq yoki jazirama issiq bo‘ladimi yashab ketaveradi.



Ikkinchi bo‘limda g‘aroyib palmalarni ko‘rasiz. Ular o‘z vatanida qanday gurkirab o‘sadigan bo‘lsa, bu yerda ham shunday yashnab turganiga guvoh bo‘lasiz. Yana, banan daraxtini ko‘rishingiz mumkin, u – mo‘’jizaning o‘zi.
Uchinchi bo‘limda tosh atirgullarning o‘ndan ziyod turi parvarishlanadi. Ularning shunday jajji turlari ham bor-ki, gullari juda chiroyli bo‘lib ochiladi. Kaktusni noodatiy g‘aroyib turlarini ham uchratasiz. Bu kaktus turi yillar o‘tgan sayin o‘z tanasi rangini o‘zgartirib borish xususiyatiga ega.



To‘rtinchi bo‘limda eng noyob, eng chiroyli gullar o‘stiriladi. Bu yerdagi Erkak qalb guli bir yil mobaynida ochilib tursa, Ayol qalb guli ikki oy mobaynida ochilib turadi. Mushmulla guli 7 yilda gullaydi. Kliviya guli bir yil davomida ikki marta gullaydi. To‘rtinchi bo‘limining har birida hovuzlar bo‘lib, turli suv o‘tlari o‘stiriladi.


Xalqimizda ming bor eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rmoq afzal, degan hikmat bor. Oranjeriyaga kelib, go‘zallikdan bahramand bo‘ling, aziz vatandoshlar!..
Hurriyat Mirzakarimova,
Botanika bog‘i
oranjeriya rahbari,
biologiya fanlari nomzodi,
O‘zA