Mohir rassomlar ko‘rgazmasi
Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari, zamonaviy miniatyura maktabining yorqin vakillari, taniqli rassomlar Bahodir va Behzod Hojimetovlarning “Qadriyat” nomli ko‘rgazmasi ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada 80 ga yaqin asarlar taqdim etildi. Ekspozitsiya avlodlar o‘rtasidagi mazmunli dialog shaklida tashkil etilgan bo‘lib, unda mumtoz miniatyura an’anasi yangi badiiy ohangda namoyon bo‘ldi.
Tadbirda qayd etilganidek, hozirgi kunda zamonaviy o‘zbek miniatyurasi faol badiiy izlanish bosqichida. Sharq maktabi qoidalarini saqlab qolgan holda, rassomlar miniatyuraning ifodaviy imkoniyatlarini kengaytirib, uni xattotlik, abru san’ati va amaliy bezak shakllari bilan uyg‘unlashtiradi.
Shu ma’noda, Bahodir va Behzod Hojimetovlarning ijodi zamonaviy madaniyat makonida an’ananing jonli rivojini namuna etadi.
Bahodir Hojimetov 1951-yil Toshkent shaxrida tug‘ilgan. P.P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida, so‘ngra Toshkent teatr-rassomlik institutida Chingiz Axmarov qo‘l ostida tahsil olgan.
Ijodiy faoliyatini dastgohli va mahobatli rangtasvir yo‘nalishida boshlagan. Keyinchalik an’anaviy miniatyura va lokli bezakka e’tibor qaratgan. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazida miniatyura ustasi sifatida ishlagan va an’anaviy miniatyura usulini mukammallashtirgan.
Bahodir Hojimetovning asarlari mamlakat muzeylarida saqlanadi va respublika hamda xalqaro ko‘rgazmalarda muntazam namoyish etiladi. U 2013-yilda “Shuhrat” medali, 2025-yilda esa O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining “Oltin medal”i bilan taqdirlangan.
[gallery-27849]
Behzod Hojimetov 1979-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. U bolaligidan otasining ustaxonasida san’atga mehr qo‘ygan. P.P. Benkov nomidagi bilim yurtida va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Xattotlik va miniatyura” yo‘nalishida ta’lim olgan, magistraturani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi bilan tamomlagan.
Ijodiy faoliyatini ilmiy-pedagogik ish bilan uyg‘unlashtirib kelmoqda. 2020-yildan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining “Miniatyura” sho‘’basiga rahbarlik qiladi. 2022-yilda san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasini himoya qilgan.
Uning asarlarida miniatyura badiiy uslubi an’anaviy kichik hajm chegarasidan chiqib, keramik panolar, devoriy rasm va yirik dekorativ turkumlarda ifodalanadi. Muhim loyihalar qatorida — “Ko‘ksaroy” rezidensiyasi, Samarqand xalqaro aeroporti, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi uchun turkum asarlar, shuningdek “Sharqona kuylar”, “Navoiy lirikasi” va “Amir Temur” mahobatli kompozitsiyalari mavjud. Asarlari O‘zbekiston, Yaponiya, Misr, Ozarbayjon, Turkiya muzeylarida va Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya va boshqa davlatlar xususiy to‘plamlarida saqlanadi.
Gulnoza Boboyeva,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA