Mohir jurnalistning sirli nigohi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Milliy matbuot markazida taniqli jurnalist Sharofiddin To‘laganovning “Bu sirli dunyo” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Ustoz jurnalist Sharofiddin To‘laganovning 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda Uyushma mas’ullari, ommaviy axborot vositalari bosh muharrirlari, jurnalistlar, jamoatchilik faollari va blogerlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan bu tadbirning ahamiyati haqida to‘xtalib, ustoz jurnalist Sharofiddin To‘laganovni yangi kitobi va qutlug‘ 60 yoshga to‘lgani bilan qutladi.
– Xalqaro mavzularda uzoq yillardan buyon qalam tebratayotgan mohir jurnalist, “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning ilk sovrindorlaridan biri bo‘lgan Sharofiddin To‘laganovning ijod yo‘li bugun yosh jurnalistlar uchun o‘ziga xos o‘rnakdir, – dedi X. Salimov. – Muallifning ellikdan ortiq maqolalari jamlangan “Bu sirli dunyo” kitobi amaliy jurnalistika uchun ham, spichrayterlik yo‘nalishi uchun ham juda foydali qo‘llanma bo‘libdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov va boshqalar Sharofiddin To‘laganovning jurnalistikamiz rivojiga qo‘shgan hissasi, kitoblarining o‘ziga xos jihatlari haqida gapirdilar.
Sharofiddin ulg‘aygan zamin o‘zbek jurnalistikasi, adabiyoti, madaniyatiga yetuk iste’dodlarni yetkazib bergan, – dedi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov. – Sharofiddin ham shularning biri. U ijodda o‘z o‘rnini topgan jurnalist. Sharofiddin millatimiz taqdiriga daxldor ko‘plab dolzarb maqolalar, jurnalistlik materiallarni tayyorlab kelayotganiga guvohmiz.
– Ijodkor yozganida uning ruhiyati, xarakteri, orzulari, maqsadi, shaxsiyati ko‘rinib turadi, – dedi "Ishonch"- "Ishonch-Doveriye" gazetalarning bosh muharriri, ustoz jurnalist Husan Ermatov.– Sharofiddin aka chin vatanparvar, ma’rifatning haqiqiy targ‘ibotchisi, yuzi yorug‘ ijodkor. U o‘z xalqiga, kasbiga, ijodiga xiyonat qilmagan inson. Adabiyot o‘z yo‘liga, lekin jurnalist yozgan kitobda uning davrga munosabati, zamon nafasi sezilib turadi.
Ta’kidlash joizki, “Bu sirli dunyo” kitobida muallif yil davomidagi muhim sanalar — milliy va xalqaro bayramlar, jahon miqyosida nishonlanadigan kunlar mohiyatini ochish orqali insoniyatning tarixiy evrilishlari, ko‘p qirrali munosabatlar tizimlari silsilasini o‘zining mustaqil jurnalistik nigohi va insoniy qalb prizmasidan o‘tkazgan.
Davlatlar haqida so‘z borganda, muallif, albatta, o‘sha mamlakatning O‘zbekiston bilan ikki tomonlama aloqalari tarixi va hamkorlik dinamikasiga qisqacha to‘xtalib o‘tmasdan ketmaydi. Ko‘p ishlatiladigan, biroq oddiy o‘quvchiga notanish so‘zlarning ma’nosini va kelib chiqish ildizini izohlab beradi, ingliz tilida ifoda etilishi va global tendensiyalarni ifodalashga urinadi.
To‘plamda mavzular ko‘lami rango-rang, qamrov geografiyasi keng, mushohada chuqur. Ularda atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishlari oqibatlaridan tortib, umuminsoniy qadriyatlar yemirilishigacha, internet yuzaga keltirayotgan og‘riqli muammolar va genotsid qurbonlaridan tortib, atom elektr stansiyalari fojialari, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi kurashlar avjlanayotgani, turli mintaqalardagi murakkab geosiyosiy ziddiyatlargacha batafsil qamrab olinadi.
Tadbirda ustoz jurnalist Sharofiddin To‘laganov ijodi, uning yangi kitobi xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA