Mohir fermer shoti ekib, arava undiradi
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga bo‘lgan yangicha yondashuv ulkan samaralar bermoqda. Agrar tarmoqda mulk shakli o‘zgarib, fermerlik harakati tobora rivojlanmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga bo‘lgan yangicha yondashuv ulkan samaralar bermoqda. Agrar tarmoqda mulk shakli o‘zgarib, fermerlik harakati tobora rivojlanmoqda.Davlatimiz rahbarining 2012-yil 22-oktabrdagi “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni fermerlik harakati taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Navoiy viloyatida 2015-yilda fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqliga aylantirish maqsadida 684 loyiha amalga oshirildi.
Karmana tumanidagi 200 dan ziyod fermer xo‘jaligida ham qo‘shimcha tarmoqlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili tumanda bu borada 118 loyiha o‘zlashtirildi. 16 ishbilarmon fermer sut va go‘sht yetishtirishni, 14 tasida parrandachilik yo‘lga qo‘yildi. Baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari soni 8 taga yetdi. 4 fermer xo‘jaligining 9,5 gektarlik maydonida intensiv bog‘ tashkil etildi. Mevali bog‘lar maydoni 533 gektarga yetdi. Bundan tashqari, asalarichilikni yo‘lga qo‘yayotgan yoki issiqxona tashkil etib, aholi dasturxoni to‘kinligiga munosib hissa qo‘shayotgan fermerlar soni ham ortmoqda.
“Sevoltepa ravnaqi” fermer xo‘jaligi tumanda ilg‘or xo‘jaliklar qatorida tilga olinadi. Bu bejis emas. Abdurazzoq Rizayev rahbarlik qilayotgan xo‘jalikning umumiy ekin maydoni 97 gektar. Xo‘jalikka asos solingan 2000-yildan buyon belgilangan rejani ortig‘i bilan ado etib keladi.
Fermer o‘z maqsadlarini bosqichma-bosqich amalga oshira boshladi. Dastlab, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash ustaxonasi tashkil etdi. Texnikalar uchun agregatlar tayyorlash maqsadida yo‘nuv va temirchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Tadbirkor fermer joriy mavsumda yana bir yangilikni amaliyotda qo‘lladi. Kuzgi shudgorlash davrida har bir gektar yerga 30 kilogramm kaliy, 100 kilogramm ammofos va ma’lum miqdorda azot o‘g‘iti sepdi. Bu tajriba o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Shu usulni qo‘llash natijasida mirishkor o‘tgan yili g‘allaning gektaridan 75-80 sentnergacha hosil olishga erishdi.
– Fermer shoti ekib, arava undiradigan bo‘lishi kerak. Zamonning talabi shunday, – deydi mirishkor. – O‘tgan yili yerning tekisligini aniqlovchi “Topcon” rusumli monitorli maxsus lazer dasgohini xarid qildik. Bu uskuna maydon markaziga o‘rnatilib, yerning do‘ng-past qismlarini ko‘rsatadi, yerni suv sathidek tekislab chiqadi. Mazkur usul yordamida suv sarfi kamayib, qadalgan urug‘ bir maromda sug‘oriladi. Bu hosilga hosil qo‘shishning muhim omilidir.
Ishbilarmon fermer tajribalarini bugun yoshlarga o‘rgatmoqda. Uzoqni ko‘zlagan dehqonning ta’biricha, fermerning ilk vazifasi o‘zidan keyin munosib shogirdlar qoldirish. Bu boradagi tarbiyani bugundan boshlash lozim. Toki yosh fermer ertaga tabiat injiqliklarini qiyinchiliksiz yengib o‘tsin.
“Ibrat”ning ibratli ishi
– Ko‘p yillik tajribaga ega dehqonlar texnika fermerning qanoti, deyishadi. Shu fikrga tayanib kam bo‘lmadik, – deydi Shuhrat. – Ayni paytda 18 nafar ishchi mehnat qilayotgan xo‘jalikda qo‘shimcha tarmoqlarni o‘zlashtirish borasida ko‘krak kergulik ishlar qilishga ulgurdik. Muhimi, yangi yilni bir olam quvonch bilan qarshi oldik. G‘alladan bo‘shagan yerda undirilgan takroriy ekin mo‘l hosil berdi – 160 tonna. Asalarichilikni ham boshlab yubordik. Daromadimiz hisobiga bultur xorijdan 10 bosh zotli qoramol keltirib, chorvachilikni yo‘lga qo‘ydik. Natijada qishloq yoshlarining aksariyat qismi ishli bo‘ldi. Endi sun’iy havza barpo etayapmiz.
Darhaqiqat, mamlakatimizda fermerlarni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash, imtiyozli lizing xizmatlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani tadbirkor dehqonlarning mushkulini aritmoqda. Yerning unumdorligini oshirish, sifatli ishlov berish, hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib-terib olish imkoniyati kengaymoqda.
– Fermer xo‘jaliklarini zamonaviy agregat va texnikalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir, – deydi “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi Navoiy viloyati filiali yetakchi mutaxassisi Umar Qurbonov. – Xususan, o‘tgan yili hududdagi fermerlarga 9 milliard 522 million so‘mlik 153 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berildi. 123 fermer xo‘jaligi tomonidan xarid qilingan texnikalar ish unumi va hosildorlikni oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Lizing shartlarining tobora sodda va uzoq muddatli ko‘rinishga keltirilishi fermerlarga qator qulayliklar yaratmoqda. Jumladan, ayni paytda lizing to‘lovlari avvalgisidan farqli o‘laroq yillik 5-6 foizdan, 4,5 foizga tushirildi. Foiz to‘lovlari sharti o‘zgartirildi. Lizing muddati 7-yildan 10-yilga uzaytirildi.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli fermerlik harakati takomillashib bormoqda. Ularning yuqori natijalarga erishishi nainki qishloq ahlining daromadi oshishiga, aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.