O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 4 avgustda qabul qilingan “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2020 yilning 1 sentyabridan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqalar va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam, ya’ni ijtimoiy nafaqalar tayinlashni ko‘rib chiqish va belgilash tartib-taomillari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda.
Mazkur yangi tizim va uning qulayliklari haqida ma’lumot olish uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Rahimovga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
– Davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, joriy yilning noyabr oyidan Pensiya jamg‘armasining Samarqand viloyatidagi hududiy bo‘limlari tomonidan yangi tizim asosida ijtimoiy nafaqalar to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va tayinlash amalga oshirilmoqda – deydi A.Rahimov. – Aslida bu tizim Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, shu paytacha Sirdaryo viloyatida sinab ko‘rilgan edi. Shu bois “Sirdaryo viloyatining kam ta’minlangan oilalariga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida” vaqtinchalik nizom tasdiqlangandi (unga 2020 yil 15 mayda Vazirlar Mahkamasining 286-sonli qarori bilan o‘zgartirish kiritilgan).
Mazkur Nizomning 13-bandida bola parvarishlash bo‘yicha nafaqa tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan (maxsus shakl bo‘yicha) ariza murojaat qiluvchining yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etilishi belgilangan.
Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
- ariza beruvchi oila a’zolarining pasporti nusxalari, chet el fuqaroligini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (doimiy yoki vaqtinchalik propiskadan o‘tganligi qayd etilgan beti bilan) va nikoh to‘g‘risidagi, bola tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar nusxasi;
- bolalar vasiylik ostida bo‘lgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organining qaroridan ko‘chirma ilova qilinadi;
- vaqtinchalik nizomga 2a-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun oilaning murojaat qilgan oydan oldingi oxirgi uch oy uchun boshqa daromadlari to‘g‘risida ma’lumot;
- vaqtinchalik nizomga 2b-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha tijorat banklarida ariza beruvchi va uningoila a’zolari nomidagi bank hisobvaraqlaridagi qoldiqlar va ariza berilgan oydan oldingi 6 oy mobaynida nomiga o‘tkazilgan pul o‘tkazmalari yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etish to‘g‘risida ariza taqdim etilgan sanada birga yashovchi 18 va undan katta yoshdagi barcha oila a’zolari imzolari bilan tasdiqlangan ariza.
Ariza beruvchi tomonidan ushbu bandda keltirilgan barcha hujjatlarning to‘liq taqdim etilganligi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan tekshiriladi. Ushbu bandda keltirilgan hujjatlar taqdim etilmagan hollarda ariza ko‘rib chiqilmaydi.
– Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam nafaqasini tayinlash bo‘yicha arizalar qancha muddatda ko‘rib chiqiladi, qarorlar qabul qilish tartib qanday?
– Yuqorida keltirilgan qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 14- bandida bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash uchun arizalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga oila ushbu nafaqa yoki moddiy yordam olishni xohlagan oydan oldingi oyning 15-kunidan kechikmay, biroq ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam to‘lash muddati tugaydigan oydan keyin (bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish bo‘yicha nafaqa bundan mustasno) taqdim etiladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan arizada ko‘rsatilgan ariza beruvchi va uning oila a’zolari tarkibi, ularning iqtisodiy holati, oilaning tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaliklarining maydoni va arizada ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha ariza beruvchi va uning oila a’zolari yashayotganligini tekshiradi arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ishonchliligi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ushbu Vaqtinchalik nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha tasdiqlanadi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi har uch ish kunida kamida bir marotaba, biroq ariza berilgan oyning 18-kunidan kechiktirmay ushbu Vaqtinchalik nizomning 13-bandida ko‘rsatilgan ariza va taqdim etilgan hujjatlarni hamda oilaning tarkibi va iqtisodiy ahvoli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga taqdim etadi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga arizalar ushbu Vaqtinchalik nizomga 4-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga (mahallaga) nafaqa va moddiy yordam tayinlashni so‘rab murojaat etilgan arizalar ro‘yxatiga asosan taqdim etiladi.
Shundan so‘ng Nizmoning 16-bandiga muvofiq nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash to‘g‘risida qabul qilingan arizalar Pensiya jamg‘armasi bo‘limining mas’ul xodimi tomonidan ariza berilgan oyning 25-kunidan kechiktirilmay “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritiladi.
Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromadning hisob-kitobi ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-kunigacha “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
Nizomning 18-bandida ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash yoki tayinlashni rad etish “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirilishi ko‘rsatilgan bo‘lib, nafaqalar tayinlanishi to‘g‘risida qaror qabul qilinishida Pensiya jamg‘armasi xodimlari (inson omili) umuman qatnashmaydi.
– Bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uni parvarishlash nafaqasi yoki moddiy yordam nafaqasi tayinlashda hujjatlarni qabul qilish tartibi qanday?
– Nizomning 3-bob, 12-baniga asosan nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtinchalik propiskasi bo‘yicha yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladi va ro‘yxatga olinadi.
Arizalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan maxsus ro‘yxatga olish daftariga qayd etiladi, bunda ariza tushgan sana, ariza beruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va yashash manzili ko‘rsatiladi.
Vaqtinchalik nizomda belgilangan barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda ariza taqdim etilgan kun ariza ro‘yxatga olingan kun deb hisoblanadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimiz, ijtimoiy nafaqalar tayinlanishi bo‘yicha arizalar (hujjatlar) faqat o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali qabul qilinib Pensiya jamg‘armasiga taqdim etiladi. Shu sababli fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga kelishlari shart emas va hujjat taqdim etishlari ham mumkin emas.
– Tayinlangan ijtimoiy nafaqa pullari qanday to‘lanadi, qayerdan olish mumkin bo‘ladi?
– Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam, shuningdek, kompensatsiya AT «Xalq banki»ning tuman (shahar) bo‘limlari (filiallari) orqali naqd pul shaklida yoki fuqaroning xohishiga ko‘ra pul mablag‘larini naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan fuqarolarning bank hisobvaraqlari (kartochkalari) orqali to‘lanadi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovi to‘lov oyining 4-kunidan 27-kuniga qadar amalga oshiriladi.
– Qanday hollarda nafaqa tayinlanishi rad etilishi mumkin?
– Vaqtinchalik Nizomning 4-bob 19-bandiga asosan quyidagi holatlarda tegishli ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash rad etiladi:
a) ariza beruvchining doimiy yoki vaqtinchalik propiskasi yo‘qligi;
b) ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromadning ushbu Vaqtinchalik nizomning 7-bandida belgilangan mezonlardan ko‘pligi;
v) idoralararo elektron axborot tizimi orqali kadastr axborot tizimida ariza beruvchi va uning oila a’zolarida jami bittadan ortiq ko‘chmas mulk mavjudligi;
g) ariza beruvchi yoki uning oila a’zolarida:
ishlab chiqarilgan muddati 10 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan avtotransport vositasi mavjudligi;
jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan avtotransport vositalari mavjudligi;
d) daromadlarning rasmiy manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida mehnat organlariga murojaat qilmagan va hisobda turmagan yoki haqi to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan oilaning mehnatga layoqatli a’zosi mavjudligi.
Ushbu bandda ko‘rsatilgan mezonlar asosida tegishli nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash rad etilganda, ariza beruvchiga «Yagona reyestr» AT orqali rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda elektron bildirishnoma (arizada ko‘rsatilgan elektron manziliga yoki SMS-ma’lumot orqali mobil telefon raqamiga) yuboriladi.
O‘zA muxbiri G‘.HASANOV suhbatlashdi.