Moddiy va nomoddiy madaniy meros uyg‘unligi
Buxoroda Yuneskoning “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi konvensiyasining 20 yilligi va “Butunjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish konvensiyasining 50 yilligiga bag‘ishlangan “Moddiy va nomoddiy madaniy meros uyg‘unligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
“Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi, Buxoro davlat universiteti, Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitaning asosiy vazifalaridan biri – Konvensiya maqsadlarini ilgari surish, ilg‘or tajribalar bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish chora-tadbirlari bo‘yicha tavsiyalar berishdan iborat. Qo‘mita ishtirokchi davlatlar tomonidan nomoddiy merosni ro‘yxatga kiritish to‘g‘risidagi so‘rovlarni, shuningdek, dasturlar va loyihalar bo‘yicha takliflarni ko‘rish ishlari bilan shug‘ullanadi.
[gallery-13547]
Qo‘mita xalqaro yordam ko‘rsatishga ham mas’uldir. Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mita konvensiyani amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘radi, asosan operativ ko‘rsatmalar to‘plamini va Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish rejasini ishlab chiqish Konvensiyaning 25- moddasida belgilangan. U ushbu hujjatlarni Bosh assambleyaga tasdiqlash uchun taqdim etadi. Hozirgi kunga qadar YUNESKO konvensiyasini 180 ta davlat qo‘llab-quvvatlaydi, O‘zbekiston unga 2008 yilda a’zo bo‘lgan.
Hozirgi kunda YUNESKO insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga O‘zbekiston tomonidan 10 ta milliy va ko‘p millatli elementlar, shu jumladan shoshmaqom, palov pishirish an’analari, Navro‘z bayrami, Xorazm lazgisi va baxshi san’ati kiritilgan.
Anjumanda “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirishdagi muammolar”, “Butunjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirishdagi muammolar”, “Moddiy va nomoddiy merosni muhofaza qilish dasturlarida integratsiyalashgan yondashuv”, “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, asrash va targ‘ib qilishda jamoat tashkilotlarining o‘rni” kabi masalalar muhokama qilindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari