“Moda yo‘li” respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi yakunlandi
Ma’lumki, “Moda yo‘li” respublika ko‘rik-tanlovi mamlakatimizda moda va dizayn sohasiga qiziquvchi iqtidorli 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va xotin-qizlarni kashf etish hamda qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan yirik loyiha hisoblanadi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda “Qizlar akademiyasi” platformasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tanlovning hududiy bosqichlari yakuniga yetdi.
Tanlovning hududiy bosqichlari mamlakatimizning turli hududlarida o‘tkazilib, unda yuzlab yosh dizaynerlar o‘zining ijodiy ishlari, yangi g‘oyalari va betakror kolleksiyalarini namoyish etdi. Tanlov davomida ishtirokchilarning ijodiy ishlari soha mutaxassislaridan iborat professional hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.

Bunda liboslarning badiiy-estetik va konstruktiv yechimi, mualliflik g‘oyasi, materiallardan foydalanish mahorati, kolleksiya yaxlitligi hamda taqdimot saviyasiga alohida e’tibor qaratildi.

Shunga ko‘ra, Toshkent, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida bo‘lib o‘tgan hududiy har bir yo‘nalish bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etgan yosh dizaynerlar aniqlandi.
Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari yirik pul mukofotlari hamda xalqaro miqyosda tajriba oshirish imkoniyati bilan taqdirlanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA