“Mobil ofis” aholi xizmatida
G‘ozg‘on Navoiy viloyatining eng kenja shaharlaridan biri. Tashkil etilganiga endigina bir yil to‘ldi. Hududda 9 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. 1700 dan ortiq xonadon mavjud. Aholi asosan tadbirkorlik, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. G‘ozg‘onlik ayollar kashtado‘zligi bilan nom chiqargan bo‘lsa, erkaklar uchun hunarmandchilik bobomeros kasb. G‘ozg‘on marmarini esa bugun butun dunyo biladi.
Hududning "Marmarobod" mahallasida davlat xizmatlari markazining “mobil ofis” xizmati aholi va tadbirkorlarga sayyor davlat xizmati ko‘rsatdi. Avtobusda shahar FHDYO bo‘limi mudirasi fuqarolarga nikoh va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarni topshirib, aholidan 3 ta murojaat qabul qilgan bo‘lsa, markaz xodimlari tomonidan 8 ta davlat xizmati ko‘rsatilib, bitta oilaviy korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

– 45 yildan buyon G‘ozg‘onda yashayman, – deydi To‘lqin ota Ergashev. – Oilamiz bilan tadbirkorlik qilamiz. Uyimda marmarga sayqal beruvchi kichik sexim bor. O‘g‘illarim bilan birga nonvoyxona ham ochdik. Biznesimizni oilaviy korxonaga aylantirishga keldim. Bitta hujjat uchun oylab yugurganmiz, kamida 8-10 tashkilotga borardik. Birov aytsa ishonmasdim, ammo avtobusda o‘zim oilaviy korxonamni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdim.


O‘zA