"Mobil guruh" umumta’lim maktablariga nima beradi?
Oliy ta’lim tizimida umumta’lim maktablari pedagoglari bilim ko‘nikmasini oshirish hamda yangicha o‘qitish uslublarini tushuntirish bo‘yicha "mobil metodik guruhlar" faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shu asosda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi 1-, 3-, 14-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Farg‘ona davlat universitetining "mobil guruhlari" faoliyat yuritmoqda.
Ushbu "mobil guruh" larga boshchilik qilayotgan Farg‘ona davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodirjon Shermuhammadov o‘zaro muloqotlarda maktab jamoasiga pedagogik mahorat borasida metodik tavsiyalar berib borar ekan, oliy ta’lim va umumta’lim maktablari o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, mobil guruhlar imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish, ta’lim tizimidagi innovatsion o‘zgarishlarni umumta’lim tizimga taqdim etish, maktablarga amaliy, uslubiy yordam ko‘rsatish kabi masalalarga alohida to‘xtaldi.
Aytish kerakki, universitetning "mobil guruhlari" a’zolari belgilangan umumta’lim muassasalarida tahsil oladigan o‘quvchilar uchun ko‘chma "Oliy ta’lim muassasilari kunlari" ni tashkil etishda va o‘quvchilarni oliy va kasbiy ta’limga yo‘naltirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatmoqda. Bunda maktablarda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar bilimini diagnostikadan o‘tkazish, diagnostika natijasida aniqlangan bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, ilg‘or metodikalar va innovatsiyalarga o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish ishlari amalga oshirilmoqda.
Maktablarda pedagogik jamoalar bilan muloqot olib borgan universitet rahbari o‘qituvchilarga guruh maqsadlarini tushuntirar ekan, xalq ta’limi tizimidagi umumta’lim muassasalari o‘qituvchilari bilim ko‘nikmasini oshirish hamda yangicha o‘qitish uslublarini joriy etishning ahamiyatini amaliy misollarda ochib berdi.
Bunda ona tili va adabiyoti, chet tillari, tarix, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya va geografiya fanlari o‘qituvchilarning bilimini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, Xalq ta’limi vazirligining "Uzluksiz kasbiy rivojlanish" platformasi orqali pedagogik kompetensiyalarning darajasini oshirish, ilg‘or metodikalar va innovatsiyalarga o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifalari mohiyati ham tushuntirib berildi.
Endilikda ushbu guruhlar yordamida o‘quvchilar uchun tumanda ko‘chma "Ochiq eshiklar kuni" tadbiri tashkil etib boriladi va o‘quvchilarni oliy va kasbiy ta’limga yo‘naltirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi. Bunda mobil guruhga jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilar o‘quv kurslarida dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda intensiv o‘quv kursi dasturini ishlab chiqadi. Guruh rahbari tomonidan belgilab berilgan fanlar bo‘yicha tasdiqlab berilgan taqvim reja va soatga muvofiq maktab o‘qituvchilari uchun o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tib beradi.
M. Sulaymonov,
O‘zA