Mobil aloqa tarmog‘i yanada kengayadi
Vazirlar Mahkamasining “2022 – 2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda 2022 yil yakuniga qadar aholi yashash maskanlarini keng polosali mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrab olish darajasi 98 foizga, xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari bo‘ylab yuqori tezlikdagi mobil internet qamrovi esa 60 foizga yetkaziladi.
Shuningdek, 40 ming km optik tolali aloqa liniyalarini qurish hamda qo‘shimcha 800 ming xonadonni yuqori tezlikdagi internetga ulash orqali optik tolali aloqa qamrovi ham kengayib, ko‘rsatkich 80 foizga yetadi.
Sohaga xususiy sektorni jalb qilish orqali foydalanuvchilar soni 2 baravarga ortib – 4 millionga, hududlarda yoshlarni zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va ularni kafolatlangan buyurtmalar bilan ta’minlashga xizmat qiladigan markazlarni yaratish orqali IT – xizmatlar eksporti hajmi esa 100 mln dollarga yetkaziladi.
2023 yilga qadar raqamli texnologiyalar sohasida masofaviy ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash faoliyatini rivojlantirish orqali yiliga 6,5 ming nafardan ortiq yoshlarning axborot texnologiyalari yo‘nalishida ta’lim olishi yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat organlari, shu jumladan mahalliy hokimlik organlarida hamda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlaridagi korxonalarda 214 ta axborot tizimi va dasturiy mahsulotlar joriy etiladi.
O‘zA