Mo‘ynoqda qamishdan DSP ishlab chiqariladi
Xitoyning “Panjin Jijia Ecological Board Industry Co., Ltd” kompaniyasi Mo‘ynoqda qamishdan DSP ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Xitoyning “Panjin Jijia Ecological Board Industry Co., Ltd” kompaniyasi Mo‘ynoqda qamishdan DSP ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Shu maqsadda mazkur kompaniyaning boshqaruv raisi Jang Bing Kun boshchiligidagi delegatsiya Mo‘ynoqqa keldi.
Kompaniya tumanda qamishni qayta ishlash orqali tayyor qurilish materiallarini ishlab chiqarishga qiziqish bildirayotir. Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan hududning investitsion imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tumanda joylashgan tabiiy ko‘llar va qamishzorlar bilan tanishtirildi.
Mazkur ikki tomonlama muzokaralar Bosh prokuratura, “O‘zqurilish materiallari” AJ uyushmasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Muzokaralar yakunida “Panjin Jijia Ecological Board Industry Co., Ltd” kompaniyasi va “Toshkent Plast Polimer Co., Ltd” korxonasi o‘rtasida qamishdan DSP ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 45 million dollarlik investitsiya shartnomasi imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasida mavjud qamishzorlar maydonining 57 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida mavjud qamishzorlar maydonining 78 foizi Mo‘ynoq tumaniga to‘g‘ri keladi.