Moʻynoqda elektr taʼminoti yaxshilanmoqda
Ishchi guruh tomonidan tezkor ravishda ishlab chiqilgan reja asosida 5,1 kilometr havo liniyasini almashtirish, unga sim-kabel tortish vazifasi belgilandi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan aholi, shu jumladan, yoshlar bilan oʻtkazilayotgan ommaviy qabul va uchrashuvlar joylardagi dolzarb muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudaybergenov rahbarligida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida oʻtkazilgan navbatdagi tadbirda mamlakatimiz vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etib, aholini bugungi kunda tashvishga solib kelayotgan muammoli masalalar bilan tanishdi. Uchrashuvda bildirilgan hayotiy muammolarning bajarilishi nazoratga olinib, ularning muddati hamda masʼullar belgilandi.
Jumladan, tumandagi “Boʻzatov” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Shagʻirli” aholi punktida joylashgan 9-umumtaʼlim maktabining sport maydonchasini taʼmirlash ishlari uchun zarur ashyolar yetkazib berildi. Shuningdek, bolalarga sport anjomlari, turli mazmundagi badiiy kitoblar taqdim qilindi.
Hududda istiqomat qiluvchi aholini qiynab kelayotgan muammolardan yana biri elektr taʼminoti bilan bogʻliq ekani maʼlum boʻlgach, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati masʼul xodimlari rahbarligida ishchi guruh tuzildi. Maʼlum boʻlishicha, yildan-yilga aholi soni ortib borayotgan qishloqdagi transformator punkti yuqori kuchlanishda ishlayotganidan ayrim xonadonlarga yetkazilayotgan elektr quvvati meʼyordan past darajada boʻlib qolgan. Simyogʻochlar va havo tarmoqlari eskirgani tufayli uzilish holatlari uchrab turgan.
Ishchi guruh tomonidan tezkor ravishda ishlab chiqilgan reja asosida 5,1 kilometr havo liniyasini almashtirish, unga sim-kabel tortish vazifasi belgilandi. Qishloqqa yetib kelgan maxsus texnikalar yordamida bu boradagi ishlar boshlab yuborildi. Eng asosiysi, bir kunning oʻzida yangidan oʻrnatilgan transformator punkti 60 xonadonni elektr energiya bilan taʼminlash imkoniyatini berdi. Hududda jami 860 eskirgan ustunni yangisiga almashtirish rejalashtirilgan boʻlib, bu ishlarni yanvar oyi oxirigacha yakunlash belgilangan. Bu esa “Shagʻirli” aholi punktidagi 500 dan ziyod oilaning elektr taʼminoti yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Moʻynoq tumanining eng chekka qishloqlarida amalga oshirilayotgan bunday ishlar aholining yashash sharoitini yaxshilab, ularning davlat idoralariga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.