Mo‘l hosilga puxta zamin
Surxondaryo viloyati g‘allakorlari kelgusi yil hosili uchun 98 ming gektar sug‘oriladigan maydonda boshoqli don maysalarini parvarish qilmoqda.
Surxondaryo viloyati g‘allakorlari kelgusi yil hosili uchun 98 ming gektar sug‘oriladigan maydonda boshoqli don maysalarini parvarish qilmoqda.
Mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos, serhosil va ertapishar “Tanya”, “Kroshka”, “Polovchanka”, “Krasnodar-99”, “Grom” g‘alla navlari urug‘ini bir tekis undirib olgan mirishkorlar maysa parvarishini uyushqoqlik bilan amalga oshirmoqda. Ayni kunlarda sug‘orish, mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish yumushlari qizg‘in davom etayotir.
Mutaxassislarning fikricha, qishki yumushlarning belgilangan muddatlarda sifatli bajarilishi maysaning baravj rivojlanishiga xizmat qilib, ekinning turli kasalliklarga chidamliligini ta’minlaydi.
Jarqo‘rg‘on tumani fermerlari 9 ming 330 gektar maydonda kelgusi yil hosili uchun boshoqli don maysalarini parvarishlayotir. Tumandagi “Iskandar – Isroil” fermer xo‘jaligi g‘allakorlari 112 gektar maydonda bir tekis rivojlanayotgan maysani sug‘orish, oziqlantirish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda.
– G‘alla dasturxonimiz fayzi, farovon turmushimiz garovi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Omon Ahadov. – 2014-yilda g‘alladan mo‘l hosil olindi. Shartnomada belgilanganidan ortig‘i xo‘jaligimiz ixtiyorida qoldi. Kuzning iliq kunlaridan foydalanib, sifatli urug‘ qadagan edik. Bir tekis unib chiqqan ekinni agrotexnik tadbirlar asosida ikki marta sug‘ordik, bir marta o‘g‘it bilan oziqlantirdik. Bu yumushlarning o‘z muddatida sifatli bajarilayotgani maysaning sovuq iqlimga chidamliligini oshirib, mo‘l hosilga puxta zamin hozirlaydi.