Misr Xalq kutubxonasida O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi bilan hamkorlikda g‘azal mulki sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-madaniy kecha tashkil etildi.
Misrning “Tong” nashri yozishicha, tadbirda Favqulodda va muxtor elchi Mansurbek Qilichev, madaniyat bo‘yicha maslahatchi Otabek Alimov, Misr Xalk kutubxonalari jamg‘armasi raisi Hamdi Abu Al-Aynin, Misr Savdo palatasi birinchi kotibi o‘rinbosari Jalol Al-Xafnaviy va boshqalar ishtirok etdi.
Elchimiz o‘zaro munosabat tarixi chuqur ildizga egaligi, xalqlarimizni mushtarak diniy, madaniy qadriyatlar, an’analar o‘xshashligi bog‘lab turishi, ushbu omil mavjud do‘stona, o‘zaro manfaatli aloqa rivojida mustahkam tayanch bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston ham, Misr ham barcha sohalarda tub islohotlarni sobit qadam bilan davom ettirayotgani, har ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – farovon hayot garovi bo‘lgan barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq hamda xalqaro maydonda samarali tashqi siyosat yuritishga qodir Yangi O‘zbekiston va Yangi Misrni barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakat yuqori baholandi.
Otabek Alimov boy adabiy merosi bilan necha asrki, insoniyatni yaxshilikka, ma’naviy-axloqiy kamolotga undab kelayotgan Navoiy nainki millatimiz, balki bashariyat uchun ham g‘oyat qadrli ekani xususida so‘z yuritdi. Buyuk mutafakkirning bebaho ijodiy-ilmiy merosi xalqimiz va jahon adabiyoti tarixi, milliy madaniyatimiz rivojida muhim o‘rin egallashi, asarlarida teran ifodalangan milliy va umuminsoniy g‘oyalar intellektual salohiyatni oshirish, yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Darhaqiqat, Navoiy ijodi cheksiz ummon: tubida hali hech bir g‘avvos qo‘li yetmagan dur-u javohir xazinasi yotibdi. Hazratni tushunish ham ilm, ham san’at. Buning uchun o‘sha davrlar Sharq adabiyotining nozik qirralari, nafosati, aruz malohati, tasavvuf falsafasi, mumtoz she’riyat jozibasi, badiiy san’at asarlari, Islom arkonlari, arab, fors, turk tillarining o‘ziga xos jihatlarini anglash kerak.
Mulozim Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos iz qoldirgan adib, shoir, olim, qolaversa yirik davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur haqida gapirarkan, Qohiradagi “Ayn Shams” universiteti professori Magida Maxluf tomonidan arab tiliga tarjima qilingan “Boburnoma” asari 2014 yil Qohiradagi “Arab ufqi” noshirlik uyida chop этилгани, ushbu kitob tarjimasi Misr jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otib, ko‘plab o‘quvchilar qalbidan joy olganiga to‘xtaldi. Ҳозир ushbu durdona asarning ikkinchi nashri ustida ish olib borilayotgani qayd etildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA