Misrda chorvachilikni rivojlantirish tajribasi o‘rganilmoqda
Shu kunlarda Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Orif Bo‘tayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Misr Arab Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Safar doirasida delegatsiya Misr Qishloq xo‘jaligi va yerlarni melioratsiya qilish vazirligi tizimidagi Al-Amriya sun’iy urug‘lantirish markazi faoliyati bilan tanishdi. Markazda yuqori genetik salohiyatga ega naslli buqalarni tanlash, urug‘ materialini olish, muzlatish va suyuq azotda saqlash, shuningdek, uni sun’iy urug‘lantirish tizimi orqali xo‘jaliklarga yetkazish jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan.
Misr Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur markaz fermerlarga genetik material yetkazib berish bilan birga, sun’iy urug‘lantirish mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish, muzlatilgan urug‘ hamda suyuq azot ta’minoti yo‘nalishlarida ham faoliyat yuritadi. Misrda bu yo‘nalish keng tarmoq asosida tashkil etilgan. Rasmiy ma’lumotlarda Abbosiya, Al-Amriya, Saxa va Beni-Sueyfdagi to‘rtta yirik sun’iy urug‘lantirish markazi modernizatsiya qilingani, qishloq hududlarida esa 630 dan ortiq yangi sun’iy urug‘lantirish punktlari tashkil etilgani qayd etilgan.

Tashrif davomida chorvachilikning yana bir muhim yo‘nalishi, ozuqa bazasini samarali tashkil etish tajribasiga ham e’tibor qaratilmoqda. Issiq iqlim va suv resurslari cheklangan sharoitda ozuqa ekinlarini yetishtirish, silos tayyorlash, yem-xashakni sifatli saqlash va chorva ehtiyojiga mos muvozanatli ratsion shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘rganilayotgan tajribalarning O‘zbekiston uchun muhim jihati shuki, chorvachilik mahsuldorligini oshirishda genetika, sifatli ozuqa, veterinariya xizmati va zamonaviy texnologiyalarni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish yondashuvidir.

Jumladan, asosiy maqsad faqat chorva bosh sonini ko‘paytirish emas, balki har bir boshdan olinadigan mahsulot hajmi va sifatini oshirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish hisoblanadi.
Shuningdek, safar davomida o‘rganilayotgan amaliy yechimlarning mamlakatimiz sharoitiga mos jihatlaridan chorvachilikni rivojlantirishda foydalanish imkoniyatlari tahlil qilinmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA