Mis qozonning misi chiqar, o‘g‘rilikning “isi” chiqar
Mamlakatimizda tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularga juda keng imkoniyatlar berilmoqda. Shuncha e’tibor va g‘amxo‘rlikka qaramay, qarzlarini vaqtida to‘lamay, egri yo‘llar bilan boylik orttirmoqchi bo‘layotgan “ishbilarmon”lar uchrab turibdi.
Jizzax shahrida joylashgan “J.T.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli g‘isht ishlab chiqarish sexi tabiiy gazdan foydalanib, qarzi 471 million 600 ming so‘mga borsa-da, to‘lamagani sababli tarmoqdan uzib qo‘yilgan edi. Lekin tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan bo‘lsa-da, sexda g‘isht pishirish davom etavergani huquq-tartibot idoralari e’tiborini tortdi.
Mis qozonning misi chiqar, o‘g‘rilikning “isi” chiqar, deganlaridek, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Paxtakor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda korxonaning mas’ul shaxslari aholi uchun o‘tkazilgan o‘rta bosimli tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulanib, bu ham yetmagandek, nostandart, ya’ni qo‘lbola usulda tayyorlangan gorelkalardan foydalanib kelgani ma’lum bo‘ldi. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 272 million 300 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, ichimlik suvidan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Endi “J.T.” MCHJ mas’ul shaxslarining “ishbilarmon”ligi anchagina qimmatga tushadi.
A.Qayumov, O‘zA