Vatanimiz tarixidagi 28 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1370 yil (bundan 654 yil oldin) – xojagon tariqatining vakili Sayyid Amir Kulol vafot etdi va Buxorodagi o‘zi yashagan Suxor qishlog‘ida dafn etildi. Uning abirasi Muhammad Shahobiddin tomonidan bobosining tarjimai holiga bag‘ishlab yozilgan “Maqomoti Amir Kulol” asarida Sohibqironning Amir Kulol bilan uchrashuvi tasvirlangan. Alisher Navoiyning yozishicha, Bahouddin Naqshband ham Sayyid Amir Kulolning shogirdi bo‘lib, uning o‘g‘li Amir Burhonning ma’naviy tarbiyasini kamolga yetkazgan.
1419 yil (bundan 605 yil oldin) – tarixchi Abdurazzoq Samarqandiyning xabar qilishicha, Mirzo Ulug‘bek o‘zi tomonidan 1417 yilda qurib bitkazilgan, u barpo etgan ilk madrasa hisoblangan Buxoro madrasasiga kelib ilm oluvchi talabalarga in’omlar ulashdi. Bizgacha Ulug‘bekning Buxorodagi mazkur madrasasi ancha o‘zgargan holda yetib kelgan. Bu madrasada Buxoro xoni Abdullaxon II davrida katta ta’mir ishlari olib borilgan. Madrasa peshtoqlari – darvoza tabaqalariga “Ilm olish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir”, deb o‘yib yozilgan.
1888 yil (bundan 136 yil oldin) – Buxoro amirligida qimmatli xazina topilganidan xabar topgan Turkiston general-gubernatori Buxorodagi Rossiya siyosiy vakiliga tanga va buyumlarni Arxeologiya hay’atiga yuborish uchun Toshkentga – Turkiston general-gubernatorligi idorasiga jo‘natishni iltimos qilib xat yubordi. Buxorodagi Rossiya siyosiy vakili 1889 yil 29 aprelda Turkiston general-gubernatoriga xat bilan aytilgan tanga va buyumlarni Toshkentga jo‘natdi. Siyosiy vakil o‘z maktubida quyidagilarni xabar qilgan:
“Kanselyariyaning 1888 yil 28 noyabrdagi 5525-raqamli xatiga asosan ilova qilingan ro‘yxatda ko‘rsatilgan tanga va buyumlarni jo‘natmoqdaman. Qo‘shimcha qilib shuni aytmoqchimanki, mazkur buyumlar 1888 yil bahorida Amudaryoning Karkidan kechib o‘tish joyida – Buxoroning Karki shahri yaqinida joylashgan tepalikda muhandislik ishlari olib borish jarayonida yer ostidan topildi. Bu buyumlarni menga Samarqand muhandislik uchastkasi boshlig‘i polkovnik Pavlov Peterburgga – Imperator Arxeologiya hay’atiga sovg‘a qilish uchun topshirdi”. Peterburgga yuborilgan xazina tarkibida qadimgi 2 dona oltin va 31 dona kumush tanga, sopol idish, metalldan tayyorlangan keli, kelidasta, qozon, jomlar bor edi.
1917 yil (bundan 107 yil oldin) – Turkiston Xalq Komissarlar Soveti o‘lkada qizil gvardiya bo‘linmalarini tuzish haqida qaror qabul qildi. Bu bo‘linmalar sovet tuzumi va bolsheviklarga qarshi ko‘tarilgan dastlabki ongli chiqishlarni bostirishda ishtirok etdi.
1932 yil (bundan 92 yil oldin) – patolog-anatom, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Malika Abdullaxo‘jayeva tavallud topdi. U O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi yangi yo‘nalish – transplantatsion immunopatologiya asoschisi hisoblanadi.
1941 yil (bundan 83 yil oldin) – Ikkinchi jahon urushi qizib borayotgan ayni kezlarda Hamza teatri (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri)da “Otello” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi. Spektaklda Otello rolini Abror Hidoyatov, Dezdemonani Sora Eshonto‘rayeva bilan Nazira Aliyeva, Yagoni Nabi Rahimov bilan Olim Xo‘jayev, Kassioni Sharif Qayumov, Emiliyani Zaynab Sadriyeva, Toshxon Sultonova, Mahsuma Qoriyevalar ijro etishdi.
Mazkur spektaklni 1945 yili tomosha qilgan Buyuk Britaniya parlamentining bir guruh a’zolari teatrning “Faxriy mehmonlar daftari”ga quyidagi taassurotlarini yozib qoldirgan edilar: “Biz hech qachon, hech qayerda, hatto Londonning o‘zida ham o‘zbek teatridan o‘tkazib qo‘yilgan “Otello”ni ko‘rgan emasmiz”.
1942 yil (bundan 82 yil oldin) – Voronej frontida o‘zbek tilidagi “Vatan sharafi uchun” gazetasi chika boshladi. 1943 yil 20 oktyabrdan Voronej frontining 1-Ukraina frontiga aylantirilishi munosabati bilan bu gazeta ushbu front siyosiy boshqarmasining organiga aylantirildi. Gazeta 1945 yil dekabrga qadar nashr etildi. Unda mayor Rustam Abdurahmonov, Farhod Murodov, kapitan Zinnat Fatxulin, Ashirmat Egamnazarov, To‘lagan Soatov, mayor Mahmudjon Zufarov va boshqalar faoliyat ko‘rsatdilar.
Tarixchi olim Rustam Shamsutdinovning yozishicha, urush davrida frontdagi yurtdoshlardan hol-ahvol so‘rash va ularga ruhiy madad berish uchun frontga yuborilgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan buyuk o‘zbek yozuvchisi Oybek frontdagi “Vatan sharafi uchun” gazetasi muharrir o‘rinbosari, taniqli jurnalist Rustam Abdurahmonov bilan uchrashgan. Professor Naim Karimovning fikricha, Oybek domla frontdan Toshkentga qaytib kelishi chog‘ida o‘sha “Vatan sharafi uchun” gazetasini o‘zi bilan olib kelgan va bu gazeta hozirda Oybek uy-muzeyiga eksponat sifatida qo‘yilgan.
1996 yil (bundan 28 yil oldin) – Xivada turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli haykali ochildi.
1997 yil (bundan 27 yil oldin) – Andijonda Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi. Toshkentdan va mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlari, qo‘shni davlatlardan kelgan yuzlab mehmonlar Cho‘lpon nomidagi bog‘ga tashrif buyurdilar va shoir muzeyining tantanali ochilish marosimida qatnashdilar.
2008 yil (bundan 16 yil oldin) – Asaka avtomobil zavodi konveyeridan bir millioninchi avtomobil chikdi.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
2023 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Yoshlar uchun ming kitob» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi