Tez orada Samarqandda buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi keng nishonlanadi.
Bu haqda yaqinda davlatimiz rahbarining qarori qabul qilindi.
Qarorda yurtimizdagi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq ob’ektlarni ta’mirlash va ularning hududlarini obodonlashtirish, alloma ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, xalqaro ilmiy konferensiya va forumlar, ko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish belgilangan.
Ayni paytda Samarqand shahrida ulug‘ bobomiz tavalludining 630 yilligiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Samarqand davlat universitetida nufuzli xalqaro anjuman, boshqa ta’lim muassasalari va madaniyat maskanlari, muzeylarda ham turli xil tadbirlar tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, Registon maydonidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasida ham zarur yumushlar bajarilmoqda. Bu yerdagi ko‘rgazmalar boyitilib, yangi eksponat va tarixiy ashyolar joylashtirilmoqda.
[gallery-19493]
Ta’kidlash lozimki, bugun nafaqat Samarqand, balki yurtimizning tashrif qog‘oziga aylangan Registon majmuasi XV asrda Mirzo Ulug‘bek tomonidan ulkan madrasasi barpo etish bilan boshlangan. Keyinchalik, XVII asrda bu yerda yana bir Samarqand hukmdori Yalangto‘sh Bahodir tomonidan Sherdor va Tillakori madrasalari qurilib, ushbu ko‘rkam obida paydo bo‘lgan.
– Bu madrasa ulug‘ olim, ilm-fan va ma’rifat homiysi bo‘lgan sulton Mirzo Ulug‘bek tomonidan 1417-1420 yillarda qurilgan, – deydi Samarqand shahridagi Registon majmuasi gidlar bo‘limi boshlig‘i Asliddin Safarov. –Madrasa qurilishi uchun o‘z davrining taniqli me’morlaridan biri, hukmdorlar uchun ko‘plab saroylar, yirik inshootlar qurgan eronlik Xovmiddin Sheroziy taklif etilgan. Qurilishda har bir jihatga alohida e’tibor berilgan. Devorlar, peshtoqlarda Qur’on oyatlari, hadislar yozilgan. Jumladan, madrasa eshigi tepasiga Imom Buxoriy bobomiz to‘plagan eng sahih hadislar bitilib, ilmning qadr-qimmati ulug‘langan. Binoga ikkita eshikdan kiriladi va birdan hovliga o‘tmaysiz, kirishingiz bilan devorga duch kelasiz va keyin ichkariga o‘tiladi. Bu ham ilmga, ilmli kishilarga hurmatning ifodasidir. E’tibor bersangiz, o‘sha davrdagi karvonsaroylar yoki xonaqohlarda bunday uslub qo‘llanilmagan. Eshikdan birdan binoga kirilgan. Ikki eshik o‘rtasida esa panjara yasalgan. Bu ham ramziy ma’noga ega. Ya’ni bu maydon o‘z vaqtida yirik savdo markazi bo‘lgan va panjara dunyo mol-davlati bilan ilm olamini ajratib turgan.
Samarqandda o‘sha paytda bir nechta madrasalar bo‘lgan. Lekin Ulug‘bek bobomiz tomonidan bunyod etilgan ilm maskani ko‘p jihatlari bilan ulardan ustun bo‘lgan, unga ilk musulmon akademiyasi sifatida qaralgan. Oliy madrasa maqomida bo‘lgan. Bu yerda Mavlono Muhammad Havofiy, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi olimlar faoliyat ko‘rsatgan. Mirzo Ulug‘bekning o‘zi ham talabalarga ma’ruza o‘qigani haqida tarixiy manbaalarda keltiriladi.
Madrasada ilk ma’ruzani 1420 yil 21 sentyabrda Mirzo Ulug‘bek roziligi bilan Muhammad Xavofiy o‘qigan. Aynan shu kuni Mirzo Ulug‘bek madrasasi faoliyat boshlagan kun hisoblanadi. Bugungi kunda Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasining vorisi deb qaralayotgan Samarqand davlat universiteti tashkil etilishi ham ushbu sanadan hisoblanmoqda. Ayni chog‘da 21 sentyabr Samarqand davlat universiteti kuni deb belgilangan.
Shu tarzda madrasada ta’lim jarayoni 21 martgacha davom etgan. Keyin talabalar ta’tilga chiqqan.
Madrasa noyob memoriy yodgorlik hisoblanadi. Unda 55 ta hujra, yozgi va qishki to‘rtta darsxona, masjid bo‘lgan. Hujralar ikki qavatli bo‘lib, birinchi qavatda dars mashg‘ulotlari o‘tgan, ikkinchi qavat ikki-uch nafar talaba uchun yotoqxona vazifasini o‘tagan. Binoning to‘rt tomonida muddarislar xonalari bo‘lgan va ular astronomiya, matematika, mantiq va boshqa fanlarga ixtisoslashgan.
Boshqa madrasalardan farqli o‘laroq, Mirzo Ulug‘bek madrasasida o‘qish bepul bo‘lgan, ya’ni madrasa xarajatlari vaqf mablag‘lari hisobidan qoplangan. Talabalar sakkiz yil davomida 72 fanni o‘zlashtirgan. Lekin hammaga ham madrasani bitirib, shahodatnoma (diplom) olish nasib etmagan. Fanlarni o‘zlashtirolmaganlar keyingi yilda kelib o‘qishni davom ettirgan.
Shunday rivoyat bor: Afg‘onistondagi boy xonadonlardan birining farzandi Mirzo Ulug‘bek madrasasiga kelib o‘qigan va bu yerda ko‘rgan-kechirganlari haqida otasiga maktubida bayon etgan ekan. U o‘z xatida bu yerda uning otining jilovidan tutadigan odam topilmagani, ya’ni hech kim uning oti yoki savlatiga qarab hurmat-izzat ko‘rsatmagani, lekin ilmli kishilarning qadri balandligini yozadi.
Alisher Navoiy ham ushbu madrasa dovrug‘ini eshitib, Hirotdan Samarqandga keladi. Keyinchalik Hirotga qaytganidan so‘ng ushbu madrasadan namuna olib, unga o‘xshash binolar qurdiradi, madrasa tashkil etadi.
Mirzo Ulug‘bekning onasi Gavharshodbegim ham Samarqanddagi madrasaga havas qilib, Xovmiddin Sheroziyni Hirotga chaqirib madrasa qurdirgani haqida ma’lumotlar bor.
Madrasa faoliyat boshlaganining 600 yilligi munosabati bilan 2020 yilda bu yerda Samarqandda ta’lim tarixi nomli ekspozitsiya tashkil etildi. Undan Mirzo Ulug‘bek hayoti, ilmiy faoliyati, u tashkil etgan madrasa va rasadxona bilan bog‘liq ma’lumotlar, tarixiy manbaalar o‘rin olgan.
– Bu yil Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi munosabati bilan ekspozitsiya yanada boyitildi, – deydi Asliddin Safarov. – Masjid yonidagi ikkita mudarrislar xonasida madrasadagi jarayonlarni aks ettirish maqsadida ko‘rgazmali burchaklar tashkil etildi. Ularning birida Alisher Navoiy va uning do‘sti Mavlono Muhammad Olim hamda madrasa bosh muddarisi Xo‘ja Hofiz aks ettirilgan bo‘lsa, ikkinchichida talabalarni sinovdan o‘tkazish jarayoni gavdalantirildi.
Ikkinchi mudarrislar xonasida esa Mirzo Ulug‘bek bobomizning shogirlari Ali Qushchi va Miram Chalabiy bilan suhbatlashib turgan jarayonlari aks ettirildi. Bu lavhalar sayyohlar va yoshlarga o‘sha davr to‘g‘risida yorqin tasavvur uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
Ayni patda Registon majmuasida Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi munosabati Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ilmiy seminar o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek madrasasi Sharq me’morchiligining eng nodir yodgorliklaridan bo‘lib, o‘rta asr musulmon arxitekturasining noyob durdonasi hisoblanadi. Shuning uchun ham bu obida YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatidan o‘rin olgan qadimiy va tarixiy binolardan biridir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/eOKCpX40gcA?si=vnxFc4w-K1oVhpVC" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘.HASANOV, A.ISROILOV (video, surat),
O‘zA muxbirlari