Yurtimiz tarixiga oid bizga noma’lum bo‘lgan turfa va qiziq ma’lumotlar hali talaygina. Buni birgina Mirzacho‘lning o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq voqealar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
—Cho‘lni o‘zlashtirish uchun aholi kimsasiz hududga surgun qilingani rostmi?
—Kimlar bu bepoyon chakalakzorlarni makon tutdi?
— Mirzacho‘lni o‘zlashtirish davrning xatosi edimi? Yoki...
—Bu hudud o‘tmishi haqida hujjatli filmlar olinadimi?
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Akmal Bazarbayev bilan suhbatimiz davomida Mirzacho‘l o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq savollarimizga batafsil javob oldik.
—Nima uchun Rossiya imperiyasi Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga qaror qilgan, boshqa cho‘llarni emas?
—XIX asr oxiri - XX asr boshlarida O‘rta Osiyo hududi bir qancha cho‘llarni o‘z ichiga olgan edi. Turkiston general-gubernatorligi ma’muriyati birinchi navbatda Mirzacho‘lni tadqiq etishni maqsad qiladi. Shuning uchun o‘sha davr olimlaridan iborat bir qancha ekspeditsiyalarni Mirzacho‘lga yuboradi. Bu ishlar 1870 yillarning boshidanoq boshlangan edi.
Ushbu ekspeditsiyalar hududda topografik tadqiqotlar olib boradi va hududning barcha qismini xaritaga tushiradi. Bundan tashqari, ekspeditsiyalar hududdagi qadimgi ariqlar va kanallar izlari to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘adi. Qadimgi ariqlar o‘zanlarini aniqlashga bir qancha sabablar bor edi. Birinchi navbatda Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga mas’ullar mavjud ariq o‘zanlari orqali hududga suv olib kelishni maqsad qilgan. Bu ularga kanal ochish xarajatlarini kamaytirish imkonini berardi.
Dastlabki yillarda Turkiston general-gubernatorligi vakillarida Mirzacho‘lni sug‘orish uchun qaysi daryo suvidan kanallar o‘tkazish bo‘yicha ikkilanish mavjud bo‘lgan. Chunki o‘sha davr mutaxassislarining bir guruhi ma’muriyatga Mirzacho‘lni Zarafshon daryosi hisobiga sug‘orish lozim, deb maslahat bergan bo‘lsa, ikkinchi guruh Sirdaryo suvlari orqali hududni sug‘orish arzonroqqa tushishini aytgan. Zarafshon daryosining suvi kamligi sababli bu ishni amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan. Oxir-oqibat Turkiston general-gubernatorligi Mirzacho‘lga kanallarni Sirdaryo orqali o‘tkazishga qaror qiladi.
1871 yilda Mirzacho‘l uchun kanal loyihasini tuzish ishlari boshlangan. Bu ishga texnolog N.Ulyanov boshchilik qilgan. U avval Mirzacho‘lning xaritasini tuzib oladi va unda Sirdaryoning eng yuqori qismini aniqlaydi. Shu asosda bo‘lajak kanalning boshlang‘ich qismi aniqlanadi. Loyihaga ko‘ra, yangi kanalni Mirzacho‘lda avvaldan mavjud bo‘lgan Qaroy va Mirzarabot ariqlari bilan tutashtirish rejalashtirilgan. Bu holat bir tomondan qo‘shimcha yerni sug‘orish imkonini bersa, ikkinchi tomondan kanal qazish xarajatlarini kamaytirar edi. Mazkur loyiha orqali qurilishi rejalashtirilgan kanallar “Kaufman kanali” deb nomlangan.
Biroq, ushbu kanal qurilishi mustamlaka ma’muriyati tomonidan mablag‘ ajratilmagani natijasida moliyaviy qiyinchiliklar sababli to‘xtab qolgan. Bu kanalni qurish uchun 100 ming rubl pul ajratilgan. Ammo bu pullar davlat byudjetidan emas, balki turli yo‘llar va turli hududlardan yig‘ilgan yordam pullari evaziga ajratilgan. Natijada kanalni qurish uchun faqatgina 41 ming rubl mablag‘ yig‘iladi, lekin u kanal qurilishini tugatish uchun yetarli bo‘lmaydi.
1885-1891 yillarda Mirzacho‘lga suv chiqarish uchun navbatdagi kanal quriladi. Bu kanal “Buxoro ariq” deb nomlangan. Bunday nomlanishiga sabab ushbu kanalning mahalliy texnikalar yordamida va O‘rta Osiyodagi an’anaviy kanal qurish usullari orqali qurilgani bo‘lgan. Mazkur kanalni suv bilan ta’minlash uchun “Shoxto‘g‘on” deb atalgan to‘g‘on quriladi, biroq ushbu to‘g‘onga suv chiqarilgandan so‘ng 3 kundan keyin oqim tufayli to‘g‘on buzilib ketgan va “Buxoro ariq” kanaliga suv chiqarish imkoni bo‘lmagan.
Bundan tashqari, 1890 yillarda mustamlaka ma’muriyati Mirzacho‘lda avvaldan mavjud bo‘lgan “O‘rumboy” arig‘i orqali suv chiqarishga urinib ko‘radi, lekin bu ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Faqatgina 1890 yillarning oxirida Mirzacho‘lda “Nikolay 1” kanali hududning ma’lum qismlarini suv bilan ta’minlashga muvaffaq bo‘ladi.
—Kanal qurishda kimlar ishtirok etgan?
—XIX asr oxirida kanal qurilishlarida Mirzacho‘lga qo‘shni hududlardan aholi jalb qilingan. Xususan, Toshkent shahri hamda Qurama va Xo‘jand uyezdlaridan aholi Mirzacho‘lda kanal qazish uchun olib kelingan. Kanal qazish ishlari bir yilda ikki marta amalga oshirilgan: bahor va kuz fasllarida. Ishchilar har bir qazish mavsumida 10 kundan 28 kungacha mehnat qilgan.
XX asr boshlariga kelib Rossiya imperiyasining markaziy hududlaridan Turkistonga ko‘plab aholining ko‘chirib keltirilishi natijasida ishsiz aholi soni oshib ketgan. Natijada mustamlaka ma’muriyati Mirzacho‘lda kanal qazish ishlariga ularni jalb qilgan. Kanal qazish ishlariga jalb qilingan aholiga u qazigan chuqurlik asosida pul berilgan. Bunda ma’lum bir shartlar mavjud bo‘lgan. Ya’ni, kanal qazishga jalb qilingan har bir kishiga ma’lum bir uzunlikdagi va chuqurlikdagi qazish ishlarini olib borish belgilangan. Agar qazuvchi bu hajmdagi ishni qilmasa, mehnat haqi olmagan. Shuningdek, talabgorlar qazish ishlariga o‘z mehnat qurollari bilan kelish so‘ralgan. Mirzacho‘lda kanal qazishga talabgorlar Turkiston general-gubernatorligiga murojaat qilgan va o‘z nomini yozdirib qo‘ygan. Qachon qazish ishlari boshlansa, mustamlaka ma’muriyati ularni chaqirgan.
—Cho‘lni o‘zlashtirish uchun aholi kimsasiz hududga surgun qilingani rostmi? Kimlar bu bepoyon chakalakzorlarni makon tutdi?
—Mirzacho‘lni o‘zlashtirish uchun Rossiya imperiyasining turli hududlaridan aholi ko‘chirib olib kelingan. Bundan tashqari, Mirzacho‘lga qo‘shni hududlardan ham aholi ko‘chib kelgan. Bu yerga ko‘chirib kelingan aholining barchasi ham u yerda yashab ketolmagan. Ularning ko‘pchiligi Mirzacho‘lda dehqonchilik ishlarini olib bora olmagan. Natijada ushbu aholi guruhi shaharlarga ish qidirib ketib qolgan.
— Mirzacho‘lni o‘zlashtirish davrning xatosimi yoki...
—Mirzacho‘lni o‘zlashtirishdan asosiy maqsad paxta maydonlari hajmini oshirish bo‘lgan. Shu sababli, ushbu o‘zlashtirishni O‘zbekiston hududida paxta yakka hokimligining o‘rnatilishidagi dastlabki qadamlar sifatida baholash mumkin. Keyinchalik esa ushbu “paxta masalasi” mintaqaga ham ekologik, ham iqtisodiy jihatdan zarar olib kelganligi hammaga ma’lum.
Aslida O‘zbekiston tarixida bir qancha hukmdorlar yangi yerlarni o‘zlashtirish va hududlarni suv bilan ta’minlash borasida ishlarni amalga oshirgan. Mazkur ishlarning Mirzacho‘lni o‘zlashtirishdan farqi shu bo‘lganki, O‘rta Osiyo hukmdorlari ko‘proq xalqning moddiy farovonligini o‘ylab mazkur ishlarni amalga oshirgan. Bundan tashqari, tarixdagi ushbu kanal qazish ishlari va yangi yerlarni o‘zlashtirishning atrof-muhitga ta’siri inobatga olingan va ekologik xavfsizlikni ta’minlagan holda amalga oshirilgan. Xususan, bunday hollarni Amir Temur va O‘rta Osiyo xonliklari davrida ko‘rishimiz mumkin.
— Bu hudud o‘tmishi haqida hujjatli filmlar olinadimi?
—Hozirgi kunda Mirzacho‘lning XIX asr oxiri va XX asr boshlari tarixi bo‘yicha hujjatli filmlar mavjud emas. Biroq, mazkur hudud o‘tmishi haqida hujjatli film olish maqsadga muvofiqdir. Bu orqali keng jamoatchilikka Mirzacho‘l tarixi faqatgina o‘zlashtirish bilan bog‘liq bo‘lmay, balki boy tarixga ega ekanligini ko‘rsatishimiz mumkin. Birinchidan, mazkur hudud tarixda ikki siyosiy va iqtisodiy markazlar bo‘lgan Toshkent va Samarqand shaharlari orasida joylashgan edi. Bu ikki shahar o‘rtasida sayohat qilganlar Mirzacho‘lning tabiiy va iqtisodiy tavsifini berib o‘tgan. Ulardan esa hujjatli filmlarni tayyorlashda manba sifatida foydalanish va shu orqali hududning kundalik hayot tarixini ko‘rsatish mumkin. Bu Mirzacho‘l tarixining bir qismi.
Mirzacho‘lning o‘zlashtirish davrini ham alohida hujjatli film sifatida namoyish qilish mumkin. Aslida ushbu hududning o‘zlashtirilishi qisqa muddat ichida bo‘lib o‘tmagan. Dastlab hududni o‘zlashtirishga oid bir qancha loyihalar muvaffaqiyatsizlikka uchragan va bir qancha urinishlardan so‘nggina hududga kanal qazib, suv olib kelish imkoni paydo bo‘lgan. Lekin ushbu ishlarning asosiy og‘irligi aholi zimmasiga tushgan. Ya’ni, aholi majburiy tarzda jalb qilingan va ularning mehnatidan keng miqyosda foydalanilgan. Bundan tashqari, Mirzacho‘lda paxtachilikka urg‘u berilishi hudud ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
— Aholining kundalik hayoti qanday bo‘lgan?
—Mirzacho‘lda aholi asosan dehqonchilik, chorvachilik va savdo bilan shug‘ullangan. Yangi o‘zlashtirilgan yerlar aholiga ijaraga berilgan va ulardan ushbu shudgor yerlarda paxta yetishtirish so‘ralgan. Ya’ni, aholi yangi o‘zlashtirilgan yerlarni ijaraga olib, u yerlarda dehqonchilik qilgan. Natijada hududdagi aholining asta-sekin paxtachilik bilan shug‘ullanishi kuchayib borgan. Aholi yer bilan birgalikda yangi qazilgan kanallardan suv ishlatgani uchun ham ma’lum miqdorda soliq to‘lagan.
— Mirzacho‘l o‘zlashtirilishidan oldin ham bu yerda odamlar yashaganmi? Qanday tirikchilik qilishgan?
—Mirzacho‘l o‘zlashtirilishidan oldin ham odamlar bu yerlarda yashagan. Buni bir qancha manbalar tasdiqlaydi. Xususan, XIX asrda Mirzacho‘l bo‘ylab sayohat qilgan yoki hududni kesib o‘tgan sayyohlar va yo‘lovchilar ushbu hududda odamlar yashashini va ular turli yumushlar bilan shug‘ullanishganini o‘z xotiralarida qayd etgan. Bundan tashqari, 1897 va 1920 yillarda Turkistonda aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borilgan.
Ushbu hisobotlarda Mirzacho‘lning daryolarga va shaharlarga yaqinroq qismlarida aholi manzilgohlari va ularning nomlari keltirib o‘tilgan. Shuningdek, ushbu manzilgohlarda qancha oila yashagani va aholi soni ham to‘liq yozib o‘tilgan. Mirzacho‘lning markaziy hududlarida ham kam sonli bo‘lsada aholi yashagan. Mirzacho‘lda bir qancha karvonsaroylar joylashgan. Yo‘lovchilar ushbu karvonsaroylarda suv ichish va dam olish uchun to‘xtaganda mahalliy aholi bilan suhbatlashgan va ular xotiralarida mahalliy aholining kundalik hayoti haqida yozib o‘tgan. Bundan tashqari, Mirzacho‘lning markaziy qismida chorvadorlar istiqomat qilgan. Chunki mazkur hududlar chorva boqish uchun qulay hisoblangan. Chorvadorlar quduqlar atrofiga o‘rnashgan va o‘sha joyda istiqomat qilgan. Ular faqatgina yoz oylarida tog‘ hududlariga borib chorvalarini boqib kelgan. Kech kuzdan qishgacha bo‘lgan vaqtni Mirzacho‘lda o‘tkazgan.
Mirzacho‘l aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan. Birinchidan katta maydonlarni egallagan yaylovlar chorvadorlarga o‘z chorvalarini qiyinchiliksiz boqish imkonini bergan. Ular chorvadan olinadigan mahsulotlarni qo‘shni shaharlarga olib borib tadbirkorlik bilan ham shug‘ullangan. Xususan, ular jun va go‘sht mahsulotlarini Toshkent, Samarqand va Jizzax kabi shaharlarga olib borib sotgan va qaytishda o‘zlariga kundalik hayotda kerak bo‘ladigan mahsulotlarni shahar bozorlaridan olib kelib foydalangan. Mirzacho‘lning Toshkent va Samarqand kabi yirik shaharlar orasida joylashgani aholiga savdo bilan shug‘ullanish imkonini bergan.
Bundan tashqari, Mirzacho‘l o‘zlashtirilishidan oldin ham kichik ariqlar mavjud bo‘lgan. Ushbu ariqlar yaqinida aholi dehqonchilik bilan shug‘ullangan.
—O‘zlashtirishdan avval Mirzacho‘lda suv manbalari bo‘lganmi?
—Mirzacho‘lda bir qancha suv manbalari mavjud bo‘lgan. Xususan, Mirzacho‘l vohasining aksariyat hududidagi quduq va ariqlar insonlarni, chorvalarni hamda dehqonchilik yerlarini suv bilan ta’minlab turgan. Markaziy Osiyo tarixida quduqlar odatda cho‘llarda inson va chorvalarni suv bilan ta’minlaydigan asosiy manba hisoblangan.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzacho‘lda ham ushbu holatni kuzatish mumkin bo‘lgan. Hududda quduqlarning joylashuv geografiyasi har xil bo‘lgan. Ayrim joylarda quduqlarning oralig‘i taxminan 9-10 verst bo‘lgan bo‘lsa, boshqa joylarda bir quduq bilan ikkinchi quduqning orasidagi masofa 15-20 verstni, hatto undan ko‘proqni tashkil etgan.
Mirzacho‘lda quduqlar tashqi ko‘rinishiga ko‘ra ham ikki xil bo‘lgan. Ayrim quduqlarning usti ochiq holda bo‘lsa, ayrim quduqlar usti gumbaz shaklida yopiq bo‘lgan. Gumbaz quduqlarning suvlari ifloslanishdan hamda ularning bug‘lanib ketishidan himoya qilib turgan. Mirzacho‘ldagi quduqlarning qurilish uslubi va arxitekturasi O‘rta Osiyoning boshqa hududlaridagi quduqlarga o‘xshash bo‘lgan. Masalan, Mirzacho‘l va Qarshi cho‘llaridagi quduqlar o‘lchami, suvdan foydalanuvchilarning suv olishga amal qilish tartiblari, mahalliy turdagi g‘ishtlar, ularning terilish uslublari bir xil bo‘lgan.
Mirzacho‘lda suv bilan ta’minlaydigan inshootlardan yana biri bu sardoba hisoblangan. Sardoba yomg‘ir va qor suvlarini bir joyda to‘plagan. Hududdagi sardobalardan biri “Yog‘ochli” sardobasi hisoblangan. “Yog‘ochli” sardobasining qachon va kim tomonidan qurilgani noma’lum. XIX asrda sardoba atrofida yashagan aholi uni Amir Temur qurdirganini ta’kidlagan.
Shuningdek, Mirzacho‘l o‘zlashtirilishdan avval ham hududda bir qancha kanallar va ariqlar mavjud bo‘lgan. Ulardan biri O‘rumboy-O‘g‘uz kanali bo‘lib, uning ikkinchi nomi O‘rumboy-Mirzo bo‘lgan. Mazkur kanal suvni Sirdaryodan olgan va Chordara tomonga qarab oqqan. Ayrim manbalarda kanalning chap irmog‘i Tuyatortar arig‘ining quyi qismlarigacha yetib borganligi qayd etiladi.
Bundan tashqari, Mirzacho‘l o‘zlashtirilishdan oldin Kojaip, Uyaz, Menliqul, O‘g‘uz va Shoxat kabi ariqlar mavjud bo‘lgan. Kojaip va Uyaz deb nomlangan ariqlar Nikolay I kanali qurilishi bilan ishlashdan to‘xtaydi, natijada avval Kojaip va Uyaz ariqlaridan sug‘oriladigan shudgor yerlar Nikolay I kanalidan sug‘oriladigan bo‘lib qoladi.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.