Mirzacho‘lni o‘zlashtirgan avlod haqida yangi asar
Sirdaryo viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Viloyat axborot-resurs markazida o‘tkazilgan adabiy-ma’rifiy tadbir nafaqat yangi kitob taqdimoti, balki tarixiy xotirani tiklash, avlodlar merosini qadrlash va milliy o‘zlikni anglashga qaratilgan muhim ma’naviy muloqot maydoniga aylandi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, tajribali ijodkor va davlat arbobi Sobirjon Usmonov qalamiga mansub “Sirdaryo yoshlari Mirzacho‘lni o‘zlashtirishda” nomli kitob ana shu jihatdan alohida ahamiyat kasb etadi. Asar o‘quvchilarni yurtimiz tarixining o‘ziga xos va o‘ta mas’uliyatli davri — Mirzacho‘lni o‘zlashtirish jarayoniga chuqur nazar tashlashga undaydi. Unda mazkur ulkan ijtimoiy-iqtisodiy jarayon faqat raqamlar yoki rasmiy ma’lumotlar orqali emas, balki inson taqdirlari, mehnat fidoyiligi va jasorat namunalari orqali yoritilgani bilan qimmatlidir.

Kitobda 1963-yil — Sirdaryo viloyati tashkil etilgan davrdan boshlab, 2000-yillargacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida hududda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari, cho‘lni bog‘u rog‘larga aylantirishdek mashaqqatli jarayonlarda ishtirok etgan yoshlar, mutaxassislar va fidoyi insonlarning hissasi badiiy-publitsistik uslubda ochib berilgan. Muallif tarixiy voqelikni arxiv hujjatlari, shaxsiy xotiralar va guvohlar fikrlari bilan asoslab, asarning ishonchliligini yanada mustahkamlagan.
Taqdimot marosimida Sirdaryo viloyati hokimligi vakillari, O‘zbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari a’zolari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi rahbar xodimlari, o‘sha davrlarda faoliyat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, muallif bilan birga ishlagan kasbdoshlar, talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar muallifning ijodiy faoliyati, uning hayot yo‘li hamda kitobning mazmun-mohiyati haqida fikr bildirib, asarning tarbiyaviy va ma’naviy ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Ta’kidlash joizki, Sobirjon Usmonovning “Dil chizgilari”, “Diydor g‘animat”, “Sizga nasib”, “Yodnoma”, “Yodnoma–2020”, “Umr uchqunlari”, “Ob istoriyax otdelnыx lichnostey”, “O‘zbekistonliklar fashizmga qarshi janglarda”, “Mirzacho‘lda qoldi izlari”, “Bir suhbat tarixi” kabi qator asarlari kitobxonlarga yaxshi tanish. Uning Toshkent shahrida “Muharrir” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Mirzacho‘l avlodlar yodida” nomli kitobi ham keng jamoatchilik e’tiborini qozongan. Yangi nashr etilgan 326 betlik mazkur asar esa nafaqat hajman, balki mazmun jihatidan ham boy bo‘lib, Mirzacho‘lning, xususan Sirdaryo viloyatining kecha va bugungi taraqqiyot yo‘lini chuqur tahlil qiladi.
Kitobda keltirilgan tarixiy hujjatlar, jumladan, 1867-yilda Chor Rossiyasi tarkibidagi Sirdaryo oblasti xaritasi hamda 1910-yillarga oid ma’lumotlar o‘quvchiga o‘sha davr manzarasini aniq tasavvur qilish imkonini beradi. Bu esa asarning ilmiy-tarixiy qimmatini yanada oshiradi.
Ayniqsa, ushbu kitobning yaratilishida muallifning boy hayotiy tajribasi muhim o‘rin tutgan. Bir vaqtlar viloyat hokimi o‘rinbosari, Sirdaryo tumani hokimi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan Sobirjon Usmonovning shaxsiy kuzatuvlari va xotiralari asar mazmunini yanada boyitgan.
Taqdimot davomida adabiyotshunoslar, jurnalistlar, nuroniylar va yoshlar ishtirokida kitobning ilmiy, ma’naviy va tarbiyaviy ahamiyati, shuningdek, uning bugungi yosh avlod uchun ahamiyati xususida fikr almashildi. Asarda yoritilgan tarixiy voqeliklar yoshlar uchun ibrat maktabi ekani alohida ta’kidlandi.
Xulosa qilib aytganda, “Sirdaryo yoshlari Mirzacho‘lni o‘zlashtirishda” kitobining taqdimoti — bu o‘tmishni anglash, bugunni teran idrok etish va kelajakka ishonch bilan qarashga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy voqea sifatida namoyon bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri