Mirzacho‘l IIB probatsiya guruhi e’tirof etildi
Probatsiya xizmati nafaqat jazoni o‘tashdan qaytgan shaxslarni nazorat qiladi, balki ularning jamiyatga qayta moslashishiga ko‘maklashadi.
Bu borada Jizzax viloyati Mirzacho‘l tuman IIB JXX probatsiya guruhi katta inspektori E.Akbutayev o‘zining fidokorona mehnati bilan ajralib turadi.
U Ipak yo‘li mahallasida yashovchi A.U. bilan muntazam ravishda uchrashib, uning ijtimoiy hayotga moslashuvini kuzatib boradi. Ushbu shaxs avvalgi yillarda o‘g‘irlik, bosqinchilik va talonchilik kabi jinoyatlarni sodir etgani uchun besh marta sudlangan. O‘tgan yilning iyun oyida jazoni ijro etish muassasasidan qaytgach, uni jamiyatga moslashtirish uchun probatsiya guruhi tomonidan zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mirzacho‘l tuman IIB probatsiya guruhi tomonidan olib borilayotgan bunday ishlarga yuqori baho berilib, u Respublikamizdagi eng ilg‘or probatsiya xizmatlaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Kelgusida ham ushbu yo‘nalishda faoliyat yanada kuchaytirilib, probatsiya nazoratidagi shaxslarni jamiyatga integratsiya qilish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
A.Qayumov, O‘zA