Mirzacho‘lda tuyachilik rivojlanmoqda
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida joriy yilda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 43, jumladan, tuyachilikni rivojlantirishga qaratilgan 9 loyiha amalga oshirilmoqda.
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida joriy yilda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 43, jumladan, tuyachilikni rivojlantirishga qaratilgan 9 loyiha amalga oshirilmoqda.Mazkur loyihalardan uchtasi uch aka-uka – Anvar, Otabek va Doston Omonovlarning fermer xo‘jaliklarida amalga tatbiq etilayotir. Ular tumanda birinchilardan bo‘lib fermer xo‘jaligini tashkil etgan mehnat faxriysi, “Shuhrat” medali sohibi Abdurahmon Omonovning farzandlari.
Ota asos solgan “Oytosh” fermer xo‘jaligini Anvar Omonov boshqarmoqda. Xo‘jalikning 90 gektar yerida g‘alla va paxtadan yuqori hosil olinmoqda. Bog‘dorchilik, chorvachilik va parrandachilik ham rivojlanayotir. 5 gektarlik bog‘da olma, o‘rik, uzum, nok va boshqa mevali daraxtlar to‘liq hosilga kirgan.
Doston Omonov bog‘dorchilikka ixtisoslashgan “Malika” fermer xo‘jaligi raisi. U yangi loyiha asosida 5 gektardan ziyod yerda bog‘ barpo etdi.
Otabek Omonov rahbarlik qilayotgan “Camels-catlee” fermer xo‘jaligining loyihasi nafaqat Mirzacho‘lda, balki butun viloyatda yangi yo‘nalishdir. 45 bosh naslli qoramol, 400 bosh qo‘y, 500 kurka, yarim gektarlik havzada zog‘orabaliq boqilayotgan fermer xo‘jaligida joriy yilda tuyachilik ham yo‘lga qo‘yildi.
Fermer tuya suti va junini yetishtirish bo‘yicha yangi loyihani Xalq banki tuman bo‘limining 200 million so‘mlik kredit mablag‘idan foydalanib amalga oshirmoqda. Shu maqsadda Qaraqalpog‘iston Respublikasidan 31 bosh zotdor tuya sotib olindi. Qo‘shni Qozog‘istondan ham shuncha bosh tuya keltirildi. Fermer tuyalar sonini shu yilning o‘zida 100 boshga yetkazish niyatida.
– Ushbu loyihani mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib amalga oshirmoqdamiz, – deydi Otabek Omonov. – Loyihani tuman hokimligi ham qo‘llab-quvvatlab, 100 bosh qoramol sig‘adigan foydalanilmay turgan molxona binosi fermer xo‘jaligimizga “nol” xarid qiymatida berildi. Mirzacho‘l hududida tuya qadimdan boqilgan. Uning shifobaxsh suti va juniga bugungi kunda ham ehtiyoj yuqori. Tuya suti va undan tayyorlanadigan qumrondan xalq tabobatida jigar sirrozi, buyrak toshi va shamollashi, oshqozon yarasi, sil, qandli diabet, raxit, teri, gijja, asab hamda allergik kasalliklarni davolashda keng foydanilgan. Uning shifobaxshlik xususiyatlarini zamonaviy tibbiyot ham isbotlagan.
Fermerning tajribasini ushbu yo‘nalishdagi dastlabki qadam deyish, mumkin. Bu yo‘nalishdagi loyihani amalga oshirish bo‘yicha bank kreditidan birinchi bo‘lib foydalangan fermer ham Otabek Omonov bo‘ldi. Ayni paytda fermer xo‘jaligi tuya suti bilan “Mirzacho‘l ma’danli suvi” sanatoriyasi davolanuvchilarining ehtiyojini ta’minlab kelmoqda. Kelajakda ish ko‘lamini yanada kengaytirib, 10 o‘tovdan iborat dam olish maskani barpo etish, tuya sutini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Yangi tashabbus, yaxshi ish boshqalarda ham havas va rag‘bat uyg‘otadi. Mirzacho‘lda Omonovlarning izdoshlari ko‘paymoqda. Joriy yilda tumanda tuyachilikni, tuya suti, junini ishlab chiqarish bo‘yicha 9 loyiha amalga oshirilmoqda. “Hikmat-Mahmud”, “Xolmirza-Mavluda”, “Obod Mirzacho‘l”, “Ortiqov Hojiakbar”, “Navro‘zov Abbos”, “Mirzacho‘llik Odil” kabi fermer xo‘jaliklari va “Sherzod-O”, ”Gagarin mevasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ham tijorat banklari kreditidan foydalanib, bu yo‘nalishda o‘z loyihalarini amalga oshirmoqda.
Mirzacho‘llik taniqli fermer, uch kam yetmishni qoralayotgan Abdurahmon Omonov faqat farzandlari emas, yurtimizdagi barcha fermerlarning muvaffaqiyatidan quvonadi.
– Fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasini o‘zimning, farzandlarimning faoliyatida ko‘rib turibman, – deydi Abdurahmon aka. – Fermerning imkoniyati yildan-yilga kengaymoqda. Ilgari hech qachon bunday imkoniyat bo‘lmagan. Ayniqsa, ko‘p tarmoqli fermerlikni rivojlantirishga e’tibor xalqimizni yanada boy, yurtimizni yanada obod qiladi.