Mirmironda papayya yetishtirilmoqda
Papayyaning vatani qayer, bilasizmi? Tropik mamlakatlar, deysizmi? Balki shundaydir, ammo bu savolni qashqadaryoliklarga bersangiz, hech ikkilanmay Qarshi tumanidagi Mirmiron qishlog‘i, degan qat’iy javob olasiz.
Papayyaning vatani qayer, bilasizmi? Tropik mamlakatlar, deysizmi? Balki shundaydir, ammo bu savolni qashqadaryoliklarga bersangiz, hech ikkilanmay Qarshi tumanidagi Mirmiron qishlog‘i, degan qat’iy javob olasiz. To‘g‘rirog‘i, usta bog‘bon Ulug‘bek Qarshiyevning xonadonini ko‘rsatishadi. Bu omilkor dehqon sitrus mevalar yetishtirish hadisini olgan. Qahraton qish kunlarida ham hech qanday isitish moslamalaridan foydalanmasligiga nima deysiz?! Qishloqdoshlarining ta’kidlashicha, bog‘bon hovlisidagi mo‘jazgina issiqxonada papayya, limon, apelsin, mandarin, banan yetishtirayotganiga ancha bo‘lgan.Kichkina bir issiqxonada shuncha tropik meva yetishtirish mumkinligiga ishonqiramay, fotomuxbir bilan birga yo‘lga tushdik. Maqsad – eshitganlarimizni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish, ishonch hosil qilish. Bordik. Ko‘rdik...
– Ismim Ulug‘bek, ishim bog‘bonlik, – deya xushchaqchaqlik bilan kutib oldi qishloqda “Ulug‘bek parnikchi” deb tanilgan mirmironlik Ulug‘bek Qarshiyev. – Qilayotgan ishimizda odamlar aytganiday hech qanday sir, mo‘jiza yo‘q. Hammasi oddiy.
– Papayya yetishtirishning qandaydir siri bor deyishadi? – So‘raymiz undan.
– Agar shuni sir deyish mumkin bo‘lsa, ha – bu mehnat, daromad va yaxshi yashashga bo‘lgan intilishda. Keling, yaxshisi hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring.
Hovliga kiraverishda 13 sotix yerda uzunasiga issiqxona qilingan. Plyonka bilan yopilgan. Issiqxonaning umumiy balandligi 5 metr. Ichki tomondan ham bir qavat yupqa plyonka tortilgan. Issiqxonaning eng baland o‘rta qismida uzunasiga qator qilib papayya daraxti ekilgan. Qish fasli bo‘lishiga qaramay, mevasi shoda-shoda. Ko‘rinishidan o‘zimiz shiftga osib qo‘yadigan qovunni eslatadi. Bargidan issiq kunda bemalol yelpig‘ich sifatida foydalanish mumkin. Ikki tomonga limon, apelsin, mandarin, sal teparoqda 10 tupga yaqin banan daraxti ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Xullas, o‘zingizni go‘yo tropik yurtga tushib qolgandek his etasiz.
– Mana bu papayya, biz uni “qovun daraxti” deb ataymiz, – deydi Ulug‘bek. – Uning mevasi ko‘p xastaliklarga davo ekanini eshitib yurardim. Avvaliga sinamoqqa ikki tup ekdim. Qarasam, baravj o‘sayapti. Mo‘l hosil berdi. Bitta daraxti 80 donagacha meva tugdi. Xaridorgir. So‘rab keluvchilar ko‘paydi. Shundan so‘ng bu antiqa daraxtni ko‘paytirishga kirishdim. Hozir issiqxonada 24 tup “qovun daraxti”, 200 tup limon, mandarin va apelsin ko‘chatlari bor. Gullarni estetik zavq olish uchun ekkanmiz. Daromadimiz ham shunga yarasha.
Bugun odamlarning dunyoqarashi o‘zgarayotgani, qayerda bo‘lmasin, o‘z sohasida biror yangilik yaratishga intilayotgani samarasida yurtimizda bir qator tropik mevalar, jumladan, papayya yetishtirish ham ommalashib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, asl vatani Meksika, Markaziy va Janubiy Amerikaning shimoliy hududlari hisoblangan qovunga o‘xshash meva tugadigan bu daraxtni yevropaliklar XV asrdan boshlab yetishtira boshlagan. Ushbu daraxtning bo‘yi besh yil ichida to‘rt-olti metrga yetadi, yigirma yil atrofida umr ko‘radi.
– “Qovun daraxti”ning parvarishi unchalik murakkab emas, – deydi Ulug‘bek Qarshiyev. – Vaqtida ozuqasini, suvini berib, butab tursangiz, yonidan shonalatib olsangiz, qishning sovuq kunlaridan asrasangiz bas, hosil naqd deyavering. Ammo ko‘chatini yetishtirish biroz qiyin. Shu bois biz ham xorijdan keltirilgan nihollardan ekkanmiz. Bu jarayon erta bahorda amalga oshiriladi. Lekin ko‘chatlar yerga chuqur ildiz otmaydi, hatto baland daraxt bo‘lganda ham. Shuning uchun issiqxona usti ochilgach, kuchli shamoldan ehtiyot qilish lozim. To‘rt tomonga tortib bog‘lab qo‘yilsa, bu muammo ham hal bo‘ladi. Ko‘chatlar ekilgach tez ulg‘ayadi va shu yilning o‘zidayoq hosilga kiradi.
Ma’lumotlarga qaraganda, papayyaning mingdan ortiq navi bor. Qaysi mamlakatda o‘stirilishiga qarab nafaqat mevasining ko‘rinishi, balki mazasi ham farq qiladi. Biroq ularning barini bir xususiyat birlashtirib turadi – to‘yimli va salomatlik uchun g‘oyat foydali. Papayyaning eng muhim xususiyati mevasi va bargi tarkibidagi papain fermentidir. Buyuk britaniyalik olimlarning fikricha, papayya hatto saraton hujayralarini yo‘q qilish xususiyatiga ham ega ekan. Papayyani sof meva holida yoki quritib, maydalangan holda iste’mol qilish mumkin.
Tomorqadagi har qarich yerdan unumli foydalanish ro‘zg‘orga naf keltirishning samarali usulidir. Bundan jamiyat ham foyda ko‘radi. Mamlakatimizda tomorqachilikni rivojlantirish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Turli imtiyoz va preferensiyalar berilmoqda. Zero, tomorqada mahsulot yetishtirish bilan shug‘ullangan kishi o‘z turmush farovonligini ta’minlabgina qolmay, bozor to‘kinligiga ham hissa qo‘shadi. Ulug‘bek Qarshiyev kabi uzoqni ko‘ra oladigan tadbirkor bog‘bonlar faoliyati bunga yaqqol misoldir.