Mirishkorliklarning muammolari hal bo‘ldi
Joriy yilda Samarqand viloyatining to‘rt sektori hududidagi og‘ir toifadagi to‘rt mahallada “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Sektorlar va tuman hokimliklari tashabbusi bilan bu mahallalarga qo‘shimcha ravishda boshqa hududlarda ham infratuzilmani yaxshilash, obodonlashtirish va yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, Ishtixon tumani Mirishkor mahallasida ikkinchi sektor rahbari, viloyat prokurori ko‘magida qisqa fursat ichida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bajarildi.

– Keyingi yillarda tumanimizdagi bir nechta mahallada “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlari asosida amalga oshirilgan ishlarni ko‘rib, havas qilardik, – deydi Mirishkor mahallasi raisi Uchqur O‘tayev. – O‘sha hududlarda mavjud muammolar bizda ham bor edi va bu haqda sektor rahbari – viloyat prokuroriga murojaat qildik. Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam berilsa, mahalladoshlarimiz ham avvalo o‘z xondonlari va hududni obod qilishga hissa qo‘shishlarini aytdik. Tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlandi va dastlab to‘rt qishloqdagi 520 xonadon xatlovdan o‘tkazildi. Maktab, mahalla, qishloq vrachlik punkti holati o‘rganildi. Shu asosida ishlar boshlandi. 270 ta xonadonning tashqi fasad qismi ta’mirlandi, mahalla hududida hashar yo‘li bilan obodonlashtirish ishlari bajarildi.

52-umumta’lim maktabi joriy ta’mirlandi, qo‘shimcha 100 o‘rinli maktab binosi mukammal ta’mirlanib, sinfxonalar to‘liq jihozlandi. Mahalla binosi, qishloq vrachlik punkti ham ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Hududdagi 2 kilometr yo‘l asfaltlandi, 10 kilometr ichki yo‘llarga shag‘al yotqizildi. 300 metr piyodalar yo‘lakchasi qurildi, ko‘prik ta’mirlandi.
Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 5,6 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Elektr ta’minotini yaxshilash uchun 3 ta yangi transformator o‘rnatilib, 5 tasi ta’mirlandi, 5 kilometr masofaga SIP kabel tortildi, eski simyog‘ochlar 120 dona temir-beton ustunlarga almashtirildi.

Mavjud sport maydoni ta’mirlanishi bilan birga ikkita vorkout maydonchasi tashkil etildi.
Qariyb bir oy davom etgan obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari jarayonida mahallada ikki marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. 300 nafardan ortiq mirishkorlikda kasallik aniqlanib, ularni davolash uchun zarur tavsiyalar berildi, dori-darmon tarqatildi.

Mahalladagi ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida o‘n o‘rinli tikuvchilik sexi tashkil etildi. Bu yerda xotin-qizlar ustoz-shogird an’anasi asosida hunar o‘rganib, ham daromad qiladi. Bundan tashqari “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan 5 nafar yigit-qizga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
Obod ko‘rinish olgan mahalladagi yangi ob’ektlarni foydalanishga topshirish marosimida sektor rahbarlari, tuman hokimligi va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mahallani obod qilishda faol ishtirok etgan tashkilotlar va quruvchilarga minnatdorlik bildirildi. Mas’ullar bu kabi bunyodkorlik ishlari tumanning boshqa mahallalarida ham amalga oshirilishini ma’lum qildi.


G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari