Mirishkor dehqon yil davomida yerdan daromad oladi
Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning hadisini olgan mirishkorlar ko‘plab topiladi.
Ular to‘rt faslda bozorlarimiz to‘kinligi yo‘lida samarali mehnat qilmoqda. Kuzda hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli ekinlardan – sabzi, piyoz, qizil lavlagi, ko‘katlar to‘qsonbosti usulida ekilib, ayni kunlarda yig‘ishtirib olinmoqda. Ertaki sabzavotlar xalqimiz talabini qondirish bilan birga yaxshigina daromad manbaidir.
O‘zbekiston tumanidagi “Mo‘saxon osiyo” dehqon fermer xo‘jaligi rahbari Muhamadali Yo‘ldoshevni doimo dalada uchratasiz. U sabzavotlardan yiliga uch marotabagacha hosil oladi. Xo‘jalik tumandagi “Qaynar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududining katta yo‘l yoqasida joylashgan bo‘lib, 11,5 gektar yerida dehqonchilik qilinadi.

–Tajriba sifatida bir gektar maydonga karam, qizil lavlagi, sabzi ekkan edik, ikki yildan buyon qo‘shimcha yaxshigina daromad olyapmiz, – deydi M. Yo‘ldoshev. – Xalqimizda “To‘qsonda sug‘orsang, to‘qson botmon hosil olasan”, degan purma’no maqol bor. Bu naql bejiz aytilmagan, albatta. O‘tgan yilda sabzavotlarning o‘zidan 80 million so‘m daromad ko‘rdik. Kuz oylarida ekilgan sabzavotlar bahorning ilk kunlarida pishib yetildi. Ilikuzdi kezlarida bunday vitaminga boy mahsulotlarga talab katta. Xaridorlar paykalning o‘zidan ularni sotib olmoqda.

M. Sulaymonov, O‘zA